O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Sudyalar ham “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga oʻz hissasini qoʻshmoqda

Sudyalar ham “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga oʻz hissasini qoʻshmoqda

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati Muborak Ramazon oyi shukuhi bilan uygʻunlashib ketdi. Sabr-toqat, mehr-shafqat, xayru saxovat, bagʻrikenglik sifatlarini oʻzida mujassam etgan ushbu oyda xalqimizning oʻzaro mehr-oqibati yana bir bor namoyon boʻlyapti.

Koronavirus davridagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan bu harakatga qoʻshilgan Fargʻona viloyatidagi yuzlab tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari nochor ahvolda yashayotgan xonadonlarga kunlik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishmoqda. Aksariyat ishsizlarning bandligi taʼminlanib, daromad topish choralari koʻrilyapti. Sud tizimi xodimlari ham bu boradagi ishlarga oʻz hissasini qoʻshishni boshladi.

Toshloq tuman maʼmuriy sudi vakillari “Qoʻrgʻoncha” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Z.Siddiqova xonadonida boʻlib, mazkur oila aʼzolarining holidan xabar oldi. Turmush oʻrtogʻi Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida ketgan boʻlib, bu oila bugungi kunda qiyin holatga tushib qolgan. Mahalla tomonidan kam taʼminlangan oila sifatida roʻyxatga olingan. Ayolning oʻzi 3 nafar voyaga yetmagan farzandini tarbiyalab kelmoqda. Bu oilaga zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.

– Sinovli kunlarda bir birimizga gʻamxoʻr, mehr-oqibatli, ahil-inoq va tirgak boʻlishimiz insoniylikning eng oliy namunasi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi, – deydi Toshloq tuman maʼmuriy sudi raisi Abrorxon Akramov. – Ulamolarimiz oʻng qoʻling qilgan ehson yoki yordamni chap qoʻling bilmasin degan gaplari bor albatta. Biroq, muqaddas islom dinida ehsonni katta kichigi boʻlmasligi va oshkora qilinishi boshqa shaxslarni bu yoʻlga undashi va buning natijasida koʻplab ehtiyojmand oilalarga yordam qoʻli yetib borishi mumkinligi haqida gapirilgan. Inson qoʻldan kelgancha xayr-ehson qilishi bilan ham oʻzgalarga naf keltira oladi.

Sud tizimi xodimlari tomonidan ishsiz, yordamga muhtoj oilalarga muntazam yordam berish tadbirlari koʻrilmoqda.

2 098
M. Sulaymonov, OʻzA