Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 16:10 Chop etish versiyasi

Sudyalar faoliyatiga xalq baho beradi

Fuqarolar sudyalar faoliyatiga doir bahosini berishi mumkin. Buning uchun ular o‘z fikrlarini qog‘ozga bayon etib, uni sud binolarida o‘rnatilayotgan maxsus qutilarga tashlashi kifoya.

Bu amaliyot Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 13-iyun kuni sudyalar korpusi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvida bildirilgan fikrlardan keyin joriy etilayotir. Zero, mazkur uchrashuvda sudyalar faoliyatiga xalqning o‘zi baho beradi, deya ta’kidlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi binosida namuna tarzda Murojaat matni va fuqarolarning sud faoliyatiga doir fikrlari uchun maxsus quti o‘rnatildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar assotsiatsiyasi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sudyalar ishtirok etdi.

Har bir sud binosiga o‘rnatiladigan muhrlangan qutilar har oyda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati va Sudyalar oliy kengashi vakillari ishtirokida ochiladi. Fuqarolarning fikr-mulohazalari o‘rganilib, har bir sudyaning faoliyatiga xolis va adolatli baho berib boriladi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida sudlar faoliyati tanqidiy tahlil qilindi va 2017-yil 6-iyul kuni sudyalarning O‘zbekiston xalqiga murojaati qabul qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Bahodir Dehqonov. – Ushbu murojaatda har bir sudya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan, halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik qasamyodiga hamisha sodiq qolishga va’da berishi ta’kidlangan. Mazkur murojaat matni sud binolariga odamlar ko‘radigan joyga joylashtirilgan. Sud binosiga kirgan har bir fuqaro murojaatning matni bilan batafsil tanishib, adolatli sud qanday bo‘lishi kerakligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng sud binosidan chiqayotganda sudyalarning faoliyatiga, ularning zimmasiga olgan majburiyat va mas’uliyatni qanday bajarayotgani yuzasidan o‘z munosabatini yozma ravishda bayon etib, uni maxsus qutiga tashlashi mumkin.

Sud tizimida boshlangan yangi islohotlardan keyin sud amaliyotini takomillashtirish, uning ochiqligi, profilaktik ta’sirchanligi, sudyalarning kasb malakasi va ma’naviyatini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ularning ijrosi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Sudlar ish yurituvida uzoq vaqtdan buyon o‘z yechimini topmay, fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan 214 ish quyi sudlardan Oliy sud va viloyat sudlari ish yurituviga olinib, ko‘rib chiqildi.

Keyingi ikki oyda 745 shaxs sud zalidan ozod qilindi. 2 ming 369 shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 1,5 mingga yaqin shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi. 28 shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Mingdan ziyod shaxsga tergov organi tomonidan ortiqcha qo‘yilgan ayblov chiqarib tashlandi.

Bundan tashqari, sayyor sudlar o‘tkazish ko‘lami kengaytirildi. Ikki oyda 45 mingdan ziyod ish ushbu tartibda ko‘rib chiqildi. Sudyalar tomonidan aholi o‘rtasida 1,2 mingdan ziyod ochiq muloqot o‘tkazildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida sud raislari o‘z faoliyati bo‘yicha axborot berishi yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur uchrashuv va muloqotlar jarayonida fuqarolar sudlov faoliyatining ochiqligi, xolisligi va adolatliligini ta’minlashga qaratilgan ushbu tadbirlar jamiyatga o‘zgacha ruh olib kirayotganini ta’kidlamoqda. Xalq sudyalarni taniy boshladi. Lekin, shunga qaramay, yig‘ilishda soha xodimlari, ayniqsa, sudyalar dunyoqarashini o‘zgartirish, ma’naviyatini yuksaltirishdek ishlarni yanada chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 219






Все о погоде - Pogoda.uz