O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Sudlar uchun yangi bino va xizmat avtomashinilari topshirildi

Sudlar uchun yangi bino va xizmat avtomashinilari topshirildi

Xiva tumanida ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha tuman sudining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, viloyatdagi tuman va tumanlararo sudlariga yangi xizmat avtomashinalari berildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda soha xodimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qariyb 3 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga barpo qilingan binoda fuqarolarning kutib turishi va ularni qabul qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, fuqarolar va arizalarni qabul qilish, ona va bola, tibbiyot, prokuror, advokat xonalari tashkil etilgan.

Sud raisi xonasi va qabulxonasi, shuningdek, sudya va sud xodimlari faoliyat yuritishi uchun alohida xonalarning mavjudligi ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, sud zallari eng zamonaviy rusumdagi “videokonferensaloqa rejimi”da sud majlisi o‘tkazish uskunalari bilan jihozlangan. Bu esa sud protsessi ishtirokchilarining boshqa hududdagi sudlarga pul mablag‘lari va asosiysi qimmatli vaqtini sarflab borib yurmasligini ta’minlaydi.

Shuningdek, arxiv hujjatlarini saqlashda xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 2 ta arxiv xonasi ham tashkil etilgan. Sud xodimlarining bilimi va ishchanlik ko‘nikmasini oshirish uchun keng “Ma’naviyat va ma’rifat zali” bo‘lib, bu zaldan turib respublikamizning boshqa viloyatlar va tumanlardagi sudlari bilan videoseminar, davra suhbatlari o‘tkazish mumkin.

Ashyoviy dalillarni saqlash xonasi, zamonaviy lokal aloqa tarmog‘i va optik tolaga ulangan server xonasi, zamonaviy isitish va sovitish tizimlari, videokuzatuv, yong‘inga qarshi kurashish va qo‘riqlash xavfsizlik tizimlari, hududda xizmat avtotransportlari uchun maxsus to‘xtash joylari qurilganligi xodimlarning ishchanlik kayfiyatini oshiradi.

Muxtasar aytganda, sud binosi ham xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, binoda zamonaviy yorug‘ va keng sud zallari, fuqarolar uchun qulay kutish xonalari, har bir xonada kuzatuv kameralari mavjud. Bunday ochiqlik, shaffoflik va oshkoralik ta’minlangan zamonaviy sud binosi bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun professional tarzda odil sudlovni amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Tadbir davomida bir qator tuman va tumanlararo sudlariga yangi xizmat avtomashinalari ham topshirildi

1 901
Ahmadjon ShOKIROV, O‘zA