O‘zA O`zbek

18.07.2019 Chop etish versiyasi

Sudlar uchun yangi bino

Sudlar uchun yangi bino

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudlarining ikki qavatli yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Binoning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti direktori B.Teshaboyev, Chiroqchi tuman hokimligi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Videokonferensaloqa tizimida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov ushbu binoning foydalanishga topshirilishi bilan barchani qutlab, Davlatimiz rahbari tomonidan sudlarga qaratilayotgan eʼtibor, loyihaning ahamiyati, Mustaqillik bayramiga qadar yana 15 ta sud binolari foydalanishga topshirilishi, bu boradagi ishlar izchil davom etayotganini taʼkidladi.

“Choshtepa chashmasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qariyb 5 milliard 47 million soʻm mablagʻ evaziga barpo qilingan binoda fuqarolarni kutib turishi va ularni qabul qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, fuqarolar va arizalarni qabul qilish, ona va bola, tibbiyot xonalari aholi xizmatida. Bundan tashqari videokonferensaloqa tizimi orqali sud protsesslarini “onlayn” tarzda koʻrish imkoniyati mavjud.

– 3 ta sud raisi xonasi va qabulxonasi, 3 ta sudya va sud xodimlari faoliyat yuritishi uchun alohida xonalarning mavjudligi ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi Chiroqchi tuman iqtisodiy sudi raisi vazifasini bajaruvchi Davlat Rahimov. – 3 ta zamonaviy koʻrinishdagi sud zallari, shundan 1 tasi eng zamonaviy rusumdagi “videokonferensaloqa rejimi”da sud majlisi oʻtkazish uskunalari bilan jihozlangan. Bu esa sud protsessi ishtirokchilarini Chiroqchi tumanidan boshqa hududdagi sudlarga pul mablagʻlari va asosiysi qimmatli vaqtini sarflab borib yurmasligini taʼminlaydi. Shuningdek, arxiv hujjatlarini saqlashda xavfsizlik darajasi yuqori boʻlgan 3 ta arxiv xonasi ham tashkil etilgan. Sud xodimlarining bilimi va ishchanlik koʻnikmasini oshirish uchun keng “Maʼnaviyat va maʼrifat zali” boʻlib, bu zaldan turib respublikamizning boshqa viloyatlar va tumanlardagi sudlari bilan videoseminar, davra suhbatlari oʻtkazish mumkin.

Ashyoviy dalillarni saqlash xonasi, zamonaviy lokal aloqa tarmogʻi va optik tolaga ulangan server xonasi, zamonaviy isitish va sovutish tizimlari, videokuzatuv, yongʻinga qarshi kurashish va qoʻriqlash xavfsizlik tizimlari, hududda xizmat avtotransportlari uchun maxsus toʻxtash joylari qurilganligi xodimlarning ishchanlik kayfiyatini oshiradi.

Tadbir davomida bir qator tuman va tumanlararo sudlariga 11 ta yangi xizmat avtomashinalari ham topshirildi.

948
Oʻ.BAROTOV, OʻzA