O‘zA O`zbek

10.08.2018 20:21 Chop etish versiyasi

Sudlar tomonidan brifing o‘tkazildi

Toshkent viloyati Jinoyat, Fuqarolik, Ma’muriy va Iqtisodiy sudlari hamkorligida jurnalistlar uchun brifing o‘tkazildi.

Prezidentimizning joriy yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoniga muvofiq sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur farmon ijrosi yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudida ilk bor tashkil etilgan anjumanda viloyat sudlari tomonidan joriy yil birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman, shahar sudlari tomonidan joriy yilning 6 oyida 3 ming 448 shaxsga nisbatan 2 ming 667 jinoyat ishi ko‘rilib, tamomlangan. Ular soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,3 foizga, shaxslar soni esa 33,8 foizga kamaygan.

534 ta jinoyat ishi taraflar yarashgani munosabati bilan tugatilib, 25 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi va ajrim chiqarilgan. Sudlangan shaxslarning 696 nafariga ozodlikni cheklash, 1 nafariga umrbod ozodlikdan mahrum qilish, 312 nafariga jarima va 778 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Viloyatda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan poraxo‘rlik 60 foizga, bosqinchilik 51,4 foizga, firibgarlik 41,9 foizga, qasddan odam o‘ldirish 14,9 foizga kamaygan bo‘lsa, valyutani qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish jinoyati 133,3 foizga, harakat xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyati uchun sudlanganlik 16,5 foizga oshgan.

– Shu davrda 12 ming 769 fuqarolik ishi ko‘rib, tamomlandi, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi raisi Olimjon Ismoilov. – Ulardan 10 ming 581 tasi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan bo‘lib, 8 ming 841 da’vo qanoatlantirilgan. Shuningdek, 1 ming 141 ish da’vogar talabidan voz kechgani, taraflar kelishuv bitimini tuzgani, er-xotin yarashgani kabi sabablar bilan tugatilgan.

Viloyat va tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 580 milliard 835 million so‘m miqdoridagi qarz va yetkazilgan moddiy zararni da’vogarlar foydasiga undirish haqida qarorlar qabul qilingan. Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilgan 19 ming 228 ishning 58,8 foizi sayyor sud majlislari tartibida ko‘rib chiqilgan.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
2 116