O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

Sudlar shunday deb tursa, yana qayerga borayin?!

Sudlar shunday deb tursa, yana qayerga borayin?!

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “Guliston agro fayz” fermer xoʻjaligi namunali koʻp tarmoqli xoʻjaliklardan biri edi.

Ha, edi. Nega aynan “edi” savoliga oʻrin qoldirmaslik uchun gapni indallosidan boshlaylik.

“Guliston agro fayz” fermer xoʻjaligi 2015-yilda Akmalxoʻja Tursunxonov rahbarligida tashkil etildi. Paxta va gʻallachilikka ixtisoslashgan xoʻjalik uchun 140 gektar yer ajratildi.

– Oʻsha paytlar yerning meliorativ holati shu darajada yomon ediki, – eslaydi fermer, – bizdan avvalgi fermer bu yerlardan paxtadan 2 sentnerdan hosil olgan. Biz bu tashlandiq yerni “odam“ qilguncha bor kuchimiz, bilimimiz, mehrimiz va pulimizni sarfladik. Kam ham boʻlmadik. Birinchi yilning oʻzidayoq paxtamiz 30 sentnerdan hosil berdi. 4 mavsumlik qisqa faoliyatimiz mobaynida har yili paxtadan 30, gʻalladan 60 sentnerdan oshirib xirmon koʻtardik.

Darhaqiqat, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, mazkur yerdan 2013-yilda paxta rejasi 8,3 foizga, 2014-yilda esa 6,5 foizga bajarilgan, xolos. Gʻallachilik boʻyicha ham rejalar biror marta boʻlsin, bajarilmagan.

Yosh, gʻayratli rahbar boshliq fermer xoʻjaligi tomonidan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Pirovardida hosildorlik va shunga yarasha daromad ham muttasil ortib bordi. Mehnat zavqi va ertangi kunga ishonch yosh fermerni marrani kattaroq olishga, faoliyatini kengaytirishga undadi. Daromadi va yetmagan qismiga kredit yoʻli bilan 2 ta zamonaviy oʻrim kombayni, 3 ta haydov, 7 ta chopiq traktori, 2 ta yuk mashinasi, 50 dan ortiq qishloq xoʻjaligi agregati olib, boshqa xoʻjaliklarga ham texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Asalarichilik tarmogʻi ham xoʻjalikka qoʻshimcha daromad keltira boshladi.

Oʻtgan yili fermer xoʻjaligi tomonidan chorvachilik yoʻnalishini tashkil etish boʻyicha dastlabki saʼy-harakatlar boshlandi. Jumladan, 500 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik kompleksi qurildi. Chorvachilik fermasidan olinadigan mahsulotni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, bu orqali 100 ga yaqin aholini doimiy ish bilan taʼminlash va asosiysi, daromadni koʻpaytirish maqsadida goʻsht va sut mahsulotlarini qayta ishlash sexi binosi barpo etildi. 2 qavatli zamonaviy sex binosining 1-qavatida aholiga savdo xizmati koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirildi. Ammo rejalar shu yil aprel oyida tuman hokimining tegishli qaroriga koʻra xoʻjalik yeri tuman zaxirasiga olinishi bilan chippakka chiqdi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi “Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Tashkent Sotton Textile cluster” korxonasini tashkil etish, MCHJga tuman hududidan 35,4 ming gektar sugʻoriladigan yer maydoni ajratish vazifasi belgilangan.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan 2019-yil 12-aprel kuni tuman hokimining tegishli qarori qabul qilinib, fermer xoʻjaliklari, jumladan, “Guliston agro fayz”ning yer ham tuman zaxirasiga olingan.

–2018-yilda xoʻjaligimizga qoʻshimcha 240 gektar yer qoʻshib berildi, – deydi fermer. – Yaʼni, faoliyatimiz yaxshi boʻlgani, belgilangan ekinlardan rejani ortigʻi bilan bajarganimiz uchun bizga ishonch bildirildi. Mana shu ishonch va xoʻjaligimiz yer maydoni kengayib, 380 gektarga yetishi sababli faoliyatimizni yanada kengaytirishga bel bogʻlagan edik. Oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan, hokimiyat yerimizni noqonuniy ravishda tortib oldi.

Fermerning noroziligi va shu sabab sudlarga murojaat qilishiga sabab boʻlayotgan tuman hokimining ushbu qarorida haqiqatdan ham eʼtirozga molik jihatlar mavjud. Jumladan, qarorda “Ilovaga muvofiq, fermer xoʻjaliklarining foydalanishdagi umumiy maydoni 26 ming 169,1 gektar, shundan 21 ming 102,2 gektar sugʻoriladigan ekin yer, 138,9 gektar bogʻ va 1,6 gektar tokzorlar, 2 ming 362,9 gektar baliqchilik koʻllari, 2 ming 207, 8 gektar qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari tuman zaxirasiga qaytarib olingan, deb hisoblansin.

Bunda fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan yerlardan samarasiz foydalanilgani, yer qonunchiligiga rioya etilmagani, bir necha yillar mobaynida davlatga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan rejani bajarmagani, shuningdek, yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanilgani koʻrsatib oʻtilsin”, deyilgan.

Qarordan anglashiladiki, fermerning yeri tuman hokimining qarori bilan fermerlarning yerdan samarasiz foydalanayotgani sabab olib qoʻyilgan.

Vaholanki, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi maʼlumotiga koʻra, 2016-yilda “Guliston agro fayz” fermer xoʻjaligi 47,1 gektarda gʻoʻza parvarishlab, 134 tonnadan ortiq hosil olgan. Yaʼni, paxta rejasi 100 foiz, shuningdek, 2017-yilda 100,5 foiz, 2018-yilda 81,3 foizga bajarilgan. Xoʻjalik gʻallachilik boʻyicha ham rejalarni ortigʻi bilan bajarib kelgan. Xususan, 2016-yilda bu boradagi reja 111,2, 2017-yilda 100,1 va 2018-yilda 109 foizga bajarilgan.

Modomiki shunday ekan, xoʻsh, tuman hokimining qarori qanchalik asosli?

–Vazirlar Mahkamasining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori oʻz vaqti va oʻrnida qabul qilingan qaror boʻldi, – deydi fermer. – Boisi, tumanimiz soʻnggi yillarda paxta va gʻallachilik boʻyicha nafaqat Toshkent viloyati, balki mamlakatimizda ham eng past natijalardan birini qayd etib kelayotgan edi. Bu holat oʻz-oʻzidan tuman iqtisodiyotini orqaga tortib, qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirayotgan edi. Qaror bilan yerdan samarali foydalanib, yuqori hosildorlikka erishish, odamlarni ish bilan taʼminlashdek olijanob maqsad koʻzlangan albatta. Lekin tuman hokimiyati mazkur qarorni roʻkach qilgan holda yerimizni qonuniy asosga ega boʻlmagan holda olib qoʻyib, bizni sarson qilayotganini tushuna olmayapman. Chunki biz hokimlikning yerdan maqsadli va samarali foydalanish hamda hosildorlik boʻyicha barcha shartlarini bajarib kelayapmiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasida “Yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi”, deb belgilab qoʻyilgan. 36-moddasida esa yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi mumkin boʻlgan holatlar sanab oʻtilgan. Qiziq jihati, “Guliston agro fayz” fermer xoʻjaligining shartnoma muddati tugamagani holda, na taraflar (hokimlik va fermer oʻrtasida) kelishuvga erishgan, na Yer kodeksi 36-moddasining talablari buzilgan.

Fermer xoʻjaligi rahbari A.Tursunxonov qonunchiligimizda belgilangan tartiblar, shuningdek, xoʻjalikning joriy holati va istiqbolidan kelib chiqib, tuman hokimining yuqorida qayd etilgan qarorining “Guliston agro fayz” fermer xoʻjaligiga tegishli qismini haqiqiy emas, deb topishni soʻrab dastlab tuman Maʼmuriy sudiga murojaat qilgan. Joriy yil 4-iyun kunidagi sudning hal qiluv qarori bilan fermerning shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan.

Shundan soʻng A.Tursunxonov ushbu masalada viloyat Maʼmuriy sudiga murojaat qilgan. Toshkent viloyati Maʼmuriy sudining apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqilgan sud ishida xoʻjalik rahbarining Agentligimizga yoʻllagan murojaatiga asosan ishtirok etdik.

Sudya U.Tursunov raisligida oʻtgan ochiq sud majlisida taraflar tinglandi. Sudya Quyi Chirchiq tumani hokimligining ishonchli vakili D.Davenovga Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida agroklasterga qanday yerlar ajratilishi belgilangani haqida savol bilan murojaat qildi.

Ishonchli vakil qaror bilan klasterga ajratilishi belgilangan yer tumanda mavjud qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerning 80 foizini tashkil etishini, qaror ijrosi uchun qisqa vaqt ajratilganini, shuning uchun mazkur qaror ijrosini taʼminlashning boshqa usuli boʻlmaganini aytdi. Ushbu jarayonda yuqoridagi kabi omillar sabab dehqon va fermer xoʻjaliklarining Fuqarolik va Yer kodeksida hamda boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va manfaatlariga putur yetkazilishiga eʼtibor qaratishning imkoni boʻlmaganini bayon qildi. Shuningdek, sudyaning “Guliston agro fayz” fermer xoʻjaligi faoliyati borasidagi savoliga “namunali fermer”, edi deya javob berdi.

Sud majlisi yakunida viloyat Maʼmuriy sudi Quyi Chirchiq tumani Maʼmuriy sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish boʻyicha qaror qabul qildi.

Fermer bizga “Qanday qilib”, “Qaysi qonun hujjatiga asosan”, “Buzilayotgan huquqlarim-chi?”, “Sudlar shunday deb tursa, yana qayga borayin“ degancha yuzlandi...

10 665
Avazbek XUDOYQULOV, OʻzA