Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.12.2017 17:43 Chop etish versiyasi

Sudlanuvchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kafilligida sud zalidan ozod qilindi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi kafilligi ostida 1993-yil Farg‘ona shahrida tug‘ilgan Tolib G‘aniyev sud zalidan ozod qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tumani sudi tomonidan 6-dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi binosida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida Tolib G‘aniyevning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Endigina 24 yoshni qarshi olgan bu yigit ilgari ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan sudlanib, insonparvarlik tamoyillari asosida qilmishi kechirilgan edi. Afsus, u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Yana jinoyatga qo‘l urdi.

2017-yil 2-avgust kuni, soat 20:00 larda B.Xolmurodov, B. Vallomov, T.Rahmonov, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi A.Veliyev va A.Maripovlar Oltiariq tumanidagi Poloson mahallasida joylashgan “Afsona” savdo do‘koni oldida, pul oldi-berdisi yuzasidan kelishmovchiliklarni hal qilish maqsadida og‘zaki janjallashib ketishadi. Ushbu janjalni ko‘rgan fuqaro D.Madaminov va uning farzandi S.Madaminov janjalga aralashgan. Janjal jarayonida S.Madaminov fuqaro T.Rahmonovning yuz qismiga urib yuborgan. Shundan so‘ng, shu yerga o‘z ishi bilan kelgan sudlanuvchi Tolibjon G‘aniyev ham A.Maripovni tepib, unga tan jarohati yetkazgan. Shu sababli o‘zaro janjal yuzaga kelib, janjalga S.Madaminovning ukasi X.Turdimatov ham qo‘shilgan. Shu jarayonda T.G‘aniyev o‘zining yonida bo‘lgan pichoq bilan S.Madaminov va X.Turdimatov tanasining turli joylariga shikast yetkazgan. Ular olgan tan jarohati sababli Oltiariq tumani markaziy shifoxonasiga keltirilgan.

Sud muhokamasi davomida aniqlangan, tekshirilgan va atroflicha baholangan dalillarga asoslanib, Tolibjon G‘aniyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi.

Sud jarayonida jamoat himoyachisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi A.Akbarov tomonidan sudlanuvchi T.G‘aniyevga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash, kelgusida ushbu fuqaroni kafillikka olish taklifi bildirildi va bu haqda kafolat xati taqdim qilindi.

Sud G‘aniyev Tolibjon Tohir o‘g‘liga nisbatan jazo tayinlashda, uning yoshini, jamoat himoyachisi tomonidan bildirilgan fikr va kafolat xatini, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi va sudlanuvchi T.G‘aniyevga nisbatan yengillik berish haqidagi talabini inobatga olib, T.G‘aniyevga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan to‘rt yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlab, uni sud zalida darhol qamoqdan ozod qilish to‘g‘risida hukm o‘qidi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi endilikda Tolib G‘aniyevni ishga joylashtirish, uning xulqini nazoratga olish tadbirlarini ko‘rmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
8 088