O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Sud tizimida poraxoʻrlik, mansab suiisteʼmoli kabi holatlar mavjud edi

Sud tizimida poraxoʻrlik, mansab suiisteʼmoli kabi holatlar mavjud edi

Maʼlumki, Oʻzbekiston sud tizimining tartiblari yuzasidan aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan koʻplab muammolar mavjud edi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishdir. Davlatimiz rahbari joriy yil boshida oʻz Murojaatnomasida: “Sud ostonasiga qadam qoʻygan har bir inson, Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak”, degan edi. Shundan kelib chiqqan holda bugungi islohotlar Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimida, yana bir bor, insonlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qila oladigan adolatli sud tizimini yaratishga qaratilgan.

Prezidentimizning joriy yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni asosida 2021-yil 1-yanvardan boshlab sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirish vazifasi belgilab berildi. Bu oʻzgarishlar odamlarning sudlarga murojaatlarida sarsongarchiliklarga chek qoʻyish, murojaatlarining koʻrilishini osonlashtirish, sudlarga boʻlgan ishonchni oshirishga qaratilgan. Unda viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlarni birlashtirib, yagona umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilab berildi.

Sudlarning umumyurisdiksiya sudlarida birlashtirilishi natijasida fuqarolarning qaysi sudga murojaat qilishi kerakligini fuqarolarning oʻzlari emas, toʻgʻridan-toʻgʻri umumyurisdiksiya sudlarining oʻzlari hal qilishi taʼminlanadi. Bu orqali fuqarolarning vaqtini tejash, muammoli vaziyatlar, tushunmovchiliklar bartaraf etilishiga erishiladi. Bir-biridan farq qiluvchi qarorlar chiqarilishiga chek qoʻyilib, yagona sud amaliyoti tizimi shakllanadi.

Fuqarolarning sud amaliyotida mavjud boʻlgan bir-biridan farqlanuvchi qarorlari boʻyicha koʻplab shikoyatlar uchraydi. Sudlarning umumyurisdiksiya sudlariga birlashtirilishi sudlarning ixtisosliklarini oʻzgartirmaydi, sud idoralarida fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, rais boshqaruvida ishlar ixtisosliklariga koʻra taqsimlanadi.

Endilikda sud tizimi sudyalari va xodimlari moddiy taʼminotini toʻliq davlat byudjetiga oʻtkazish va ularning ish haqini oshirish belgilandi. Sudlarning moddiy holatlari ularning koʻradigan ishlariga bevosita oʻz taʼsirini oʻtkazishi mumkin, moddiy taʼminlanganlik sudlarga ishlarni koʻrishdagi xolislikni taʼminlab beradi. Sudlarning qabul qiladigan xujjatlari davlat nomidan chiqarilishi davlatning nufuzini, odamlarning davlatga nisbatan munosabatini namoyon qiladi. Davlat sudlar orqali inson huquq va manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.

Sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi. Buning natijasida ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrishning ishonchliligi oshadi. Ishlar apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilib, qabul qilingan qarorlarining nazorat tartibida koʻrib bekor qilib yuborilishiga chek qoʻyiladi. Ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrish Oliy sudning sudlov hayʼatlarida koʻrilishi mumkinligi ham joriy etildi. Xorijiy tajribaga koʻra, ishlarning ikkinchi instansiyasi faqat apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilishi qabul qilingan. Nazorat tartibidagi ishlarni koʻrish tartibi sobiq tuzimning notoʻgʻri amaliyoti merosidir.

Ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrishda tomonlar tortishuviga asoslanadi. Ishlarni koʻrishning ushbu tartibida tomonlar faqat birinchi instansiyada yoʻl qoʻyilgan xatolarni keltirish bilan cheklanmay, yangi asoslar yoki dalillarni ham keltirishi mumkin. Nazorat tartibidan ishlarni koʻrishda tomonlarning ishtirokisiz faqat ishni oʻrganib chiqib oʻzgartirilishi tortishuv prinsipisiz oʻtkaziladi va toʻliq apellyatsiya yoki kassatsiya tartibi prinsiplarini inkor etadi. Nazorat tartibida ishlarni koʻrish korrupsiyaviy vaziyatlarni ham yuzaga keltirib, mansab suiisteʼmoli, poraxoʻrlik kabi vaziyatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois tizim allaqachon islohotga muhtoj boʻlib qolgan edi. Bundan keyin ayni muammolar yoʻqolishiga umid bor.

Sud tergovi jarayonida taraflarning tortishuvchanligi tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyat sudlarida dastlabki eshituv bosqichi joriy etilmoqda. Sudlar tomonidan ishlarni koʻrishda dastlabki eshituvning joriy etilishi chiqariladigan hujjatlarning sifatini oshiradi, tomonlarning oʻzaro haq ekaniga ishonch uygʻotadi va buning natijasida inson huquq-manfaatlari kafolatlarining mustahkam himoya qilinishini taʼminlaydi. Sudlardagi bunday tajriba Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Germaniya, Fransiya va boshqa koʻplab davlatlarda mavjud boʻlib, samarali qoʻllab kelinmoqda.

Barcha saʼy-harakatlar sud tizimidagi sifatli natijalarga erishish uchun zamin yaratishga qaratilgan. Bu oʻzgarishlar fuqarolar ongida qotib qolgan yomon stereotiplar, tushunmovchiliklarni bartaraf etadi. Sudlarga boʻlgan ishonch ortadi, qonun ustuvorligi taʼminlanadi, inson huquq-manfaatlarining sifatli himoya qilinishiga zamin yaratadi. Aholining adolatga boʻlgan ishonchi ortishiga erishiladi. Zero, sud obroʻsi – davlat obroʻsidir, obroʻli davlatda esa sudlar adolat qoʻrgʻoniga aylanmogʻi lozim.

Bahrom AXROROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 
qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi professori

2 429
OʻzA