Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.11.2017 20:56 Chop etish versiyasi

Sud tizimi takomillashmoqda

Xorazmda "Zamonaviy sud-huquq tizimi: islohot va qonunchilik, kadrlar salohiyati, odob-axloqi va sudyalikka nomzodlar zaxirasini shakllantirishning dolzarb masalalari" mavzusida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar, yangilik va o‘zgarishlarni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudi, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlar raislari, rais o‘rinbosarlari, sudyalari, sudyalikka nomzodlar, tegishli davlat organlari hamda tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlari, advokatlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud tizimini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini yuksaltirish, sudlarning chinakam mustaqilligini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, sud hokimiyati tarmog‘ini isloh qilish va liberallashtirish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani, mazkur yo‘nalish bo‘yicha amaliy ahamiyatga ega chora-tadbirlar “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida o‘z ifodasini topgani qayd etildi.

Seminarda sud-huquq sohasidagi islohotlar zamonaviy, adolatli va demokratik sud tizimini yaratishda eng muhim omillar, korrupsiyaga qarshi kurashishda O‘zbekiston va xorij tajribasi, soha xodimlarining namunali odob-axloqi, sudlar obro‘si va nufuzini oshirishning muhim shartlari mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

– Bunday tadbirlar biz, sudyalar uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Xiva tumani ma’muriy sudi raisi Dilmurod Yusupov. – Tadbir davomida yangi qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlarni ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlar amaliyotiga to‘g‘ri tatbiq qilish bilan bog‘liq tavsiyalar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibini tubdan yaxshilash, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar va kelgusi vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda viloyatda sudyalar va sud xodimlari zaxirasini shakllantirishning bugungi talablariga yangicha yondashish hamda zamonaviy sudlov korpusini yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
1 480






Все о погоде - Pogoda.uz