Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.08.2018 09:51 Chop etish versiyasi

Sud raislari brifing o‘tkazdi

Sud raislari brifing o‘tkazdi
Farg‘onada viloyat jinoiy, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlari raislari tomonidan brifing tashkil etildi. Unda sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlar holati hamda joriy yil birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovga erishishda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Qisqa fursatdafuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi mustahkamlandi. Joylarda ma’muriy va iqtisodiy sudlar tashkil etilgani ham fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirdi.

– Joriy yil birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudlari tomonidan 2 ming 567 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 960 jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi M.Mirzajonov. – Ushbu ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 2 ming 13 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan, 547 nafar shaxsga nisbatan 512 jinoyat ishi tugatilgan. Shundan 495 nafar shaxsga oid jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. 15 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan.

Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, tovlamachilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish, firibgarlik, o‘g‘irlik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, transport vositalarini olib qochish, harakat xavfsizligi qoidalarini buzish va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanganlar soni kamaydi.

Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar Bag‘dod tumanida 4, Dang‘ara tumanida 2, Buvayda tumanida 4 taga, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa Oltiariq tumanida 16, Buvayda tumanida 4 taga oshgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudlari tomonidan ham o‘tgan davrdaodil sudlovni amalga oshirish borasida muayyan ishlar qilindi. Sudlar tomonidan 13 ming 330 fuqarolik ishlari ko‘rib chiqildi. O‘tgan davrda nisbatan birgina Marg‘ilon tumanlararo sudida ko‘rilgan ishlar 12,5 foizga ko‘paygan bo‘lsa, qolgan barcha tumanlararo sudlarda ishlar soni birmuncha kamaygan.

Ma’muriy sudlar tomonidan 15 ming 934 nafar shaxsga nisbatan 13 ming 41 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, shundan 9 ming 359 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan va 4 ming 629 nafar shaxsga nisbatan ishlar tugatilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga davlat tuzilmalarining noqonuniy aralashuvini yanada cheklash bo‘yicha qonuniy choralarni kuchaytirish, odil sudlov sifatini yanada oshirish yo‘li bilan ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini to‘liq ta’minlash borasida muayyan ishlar qilindi. Viloyat iqtisodiy sudi va tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan o‘tgan davrda 17 ming 267 ish ko‘rib chiqildi. Nizoli ishlarning 76,2 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rildi.

Farg‘ona viloyati sudlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

M.Sulaymonov, O‘zA
2 500