O‘zA O`zbek

27.09.2020 Chop etish versiyasi

Sud majlisi vaqti va joyi haqida SMS orqali xabar yuboriladi

Sud majlisi vaqti va joyi haqida SMS orqali  xabar yuboriladi


Sud-huquq islohotlari jarayonida odil sudlovni taʼminlash, yaʼni inson huquq va erkinliklarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Buni soʻnggi yillarda 2,3 mingga yaqin kishi oqlangani, adashib jinoyat yoʻliga kirib qolgani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin boʻlgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga mahalla va jamoatchilik kafilliklari asosida yengilroq jazolar tayinlanib, oʻz oilalari bagʻrida qoldirilganida koʻrish mumkin. Eng asosiysi, xizmat faoliyatida inson huquqlarini buzgan huquq-tartibot organi xodimlari javobgarlikka tortilmoqda.

Sohadagi ishlar samaradorligini oshirish, xususan axborot asri talablariga muvofiqlashtirish bugungi kun talabidir. Toʻgʻri, sud tizimiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilgan va elektron usulga oʻtkazilgan jihatlar ham bor. Lekin bu hozirgi kun talablariga toʻliq javob bermayotgani pandemiya sharoitida yaqqol namoyon boʻldi.

Shu bois Davlatimiz rahbarining 2020-yil 3-sentyabrda “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish, maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash koʻzda tutilgan. Sud majlislarida masofadan turib, ayniqsa mobil qurilmalar vositasida ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish ham nazarda tutilganki, bu sudlar faoliyatini takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab beradi.

Oʻz navbatida, qayd etish kerakki, ushbu qarorga koʻra, sudning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari kiberxavfsizligini taʼminlash, 2020 - 2023-yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturining qabul qilinishi soʻzimizning yaqqol isbotidir.

Mazkur Dastur apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash, barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul xabardor qilish, sud qarorlarini ish boʻyicha taraflarga onlayn tarzda taqdim etish, xuddi shuningdek sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish kabi zamonaviy chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan.

Qayd etish kerakki, sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan maʼlumotlarning elektron shaklda yuborilishi ishni koʻrish jarayonida zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni fuqarolar va tadbirkorlarni sarson qilmasdan sudlar tomonidan elektron shaklda olinishiga imkon beradi. Manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish mumkin boʻladi. Bu sohada inson kapitalidan samarali va oqilona foydalanish, shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Mazkur chora-tadbirlar sudyalar hamda sudlar apparati xodimlarining oʻz ustida ishlashini, zamonaviy texnologiyalar borasida savodxonligini muntazam oshirib borishni talab qiladi.

Xulosa qilib aytganda, sud tizimini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish fuqarolar va tadbirkorlar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini kafolatlash, haqiqiy odil sudlovni taʼminlash hamda sudlar mustaqilligini mustahkamlashga zamin yaratadi.

Jamshid Haydarov,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Yangiyer shahar sudi raisi.


1 333
OʻzA