Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.12.2017 16:30 Chop etish versiyasi

Sud-huquq sohasi tadqiqotiga oid yangi to‘plam nashrdan chiqdi

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining boy tarixiga tayanib, porloq istiqbolini qurayotgan davlat, hamjihat xalq, eng tez rivojlanayotgan mamlakat sifatida dunyoga tanildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan, hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlar, amaliy sa’y-harakatlar yangi taraqqiyot marralarini egallash, zamon shiddatiga mos tarzda rivojlanish, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan g‘oyat katta ahamiyat kasb etayotir. Bu nafaqat xalqimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilingani islohotlar samaradorligini tubdan oshirdi. "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi ijrosida qonun ustuvorligini va sudning chinakam mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Aynan shu jihatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari” to‘plamida to‘liq ifodasini topdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi hamkorligida tayyorlangan maqolalar to‘plami Konstitutsiya kuni arafasida nashrdan chiqarildi.

Yuristlar malakasini oshirish markazida tashkil etilgan mazkur to‘plam taqdimotida Harakatlar strategiyasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangani alohida qayd etildi.

– Sud-huquq sohasidagi islohotlar, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar mohiyati to‘plamdan o‘rin olgan ellikdan ortiq muallif maqolalari orqali ochib berilgan, – deydi to‘plam mas’ul muharriri, yuridik fanlari doktori, professor Muzaffar Mamasiddiqov. – Harakatlar startegiyasining aynan qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil etilgan bunday kitob ilk bor nashr etildi.

Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o‘quv kurslarining professor-o‘qituvchilari, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti ilmiy xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi xodimlari, tadqiqotchilar, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning sudyalari hamda boshqa huquqshunos mutaxassislari qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan chuqur tadqiq etgan.

To‘plam huquqshunoslar, huquqshunoslik yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

Norgul Abduraimova, O‘zA
4 711