O‘zA O`zbek

17.09.2018 20:35 Chop etish versiyasi

Stomatologiya sohasida xorijiy tajriba va amaliyot

Stomatologiya sohasida xorijiy tajriba va amaliyot
Poytaxtimizning “Miran International” mehmonxonasida tibbiyot, xususan, stomatologiya sohasida qoʻllanilayotgan zamonaviy tibbiy uskunalar, xorijiy tajriba va amaliyot masalalariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Germaniyaning “Gerus Impex GmbH” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining Frankfurtdagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik soha vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy taʼlim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlashga qaratilgan mazkur seminardan koʻzlangan maqsad tibbiyot kadrlarini tayyorlash, kayta tayyorlash va malakasini oshirishda xalqaro tajribalar bilan tanishish va ularni amaliyotga tatbiq etishdir.

Shu bois seminarda Germaniyaning Berlin shahridagi endodontiya xususiy klinikasi bosh shifokori Sebastian Ridl va Italiyaning Rim universiteti parodontologiya boʻlimi dekani, professor Andrea Pilloni stomatologiya sohasida qoʻllayotgan tajribalari, xususan, endodont va parodontni davolashda erishgan natijalari haqida nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazdi.

– Uch kun davom etgan seminar mahalliy stomatologlar uchun juda qiziqarli va foydali boʻldi, – dedi Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining stomatologiya kafedrasi assistenti Alisher Azizov. – Chunki endodont va parodont, yaʼni tish kanallari va toʻqimalari muolajasida xorij tajribasini oʻrganish biz uchun yangilik. Tadbirning birinchi kunida tish yalligʻlanishi va kanallarini davolashda Germaniya davlatida ishlab chiqarilayotgan uskunalar va ularni amaliyotda qoʻllash borasida mahorat darslari oʻtkazildi. Ilmiy va amaliy mashgʻulotlar jarayonida stomatolog Sebastian Ridl nafaqat Germaniyada, balki Yaponiyada ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalar bilan ishlash yoʻl-yoʻriqlarini koʻrsatib berdi. Tadbirning ikkinchi kuni tashkil etilgan ochiq eshiklar kunida mutaxassislarimiz bunday zamonaviy asbob-uskunalarda ishlash tartib va talablarini oʻzlashtirdi. Professor Andrea Pillonining parodontologiya boʻyicha nazariy va amaliy tajribasi mamlakatimiz stomatologlari uchun juda muhim, deb oʻylayman. Uning parodont patologik oʻzgarishlarni jarrohlik yoʻli bilan davolashda gialuron kislotani qoʻllashi natijasida tish milkini oʻstirishga erishgan amaliyotini tajribamda qoʻllamoqchiman.

– Parodont kasalligi – bu tishni oʻrab turgan yumshoq va qattiq toʻqimalarning yalligʻlanishidir, – dedi professor Andrea Pilloni. – Xoʻsh, bunday kasallikni davolashda qanday usulni tanlamoq zarur, degan savol tugʻiladi? Bunda parodont patologik oʻzgarishlarni jarrohlik yoʻli bilan davolashda gialuron kislotadan foydalanish milk toʻqimalarining oʻsishini taʼminlaydi. Men shu jarayonlarni bugungi seminarda ham nazariy, ham amaliy jihatdan koʻrsatib berdim. Slaydlar orqali amalga oshirgan amaliyotimni ishtirokchilar diqqat bilan kuzatishdi. Oʻylaymanki, bu ularning amaliyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yakunda mavzu doirasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
1 395