O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

“Stevia – Surxon” – mahalliylashgan nav

“Stevia – Surxon” – mahalliylashgan nav

Steviya oʻsimligining shifobaxsh xususiyatlari haqida avval ham maʼlumot bergan edik. Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi dorivor oʻsimliklar xomashyo bazasini yaratish va dorivor preparatlarni ishlab chiqarishni tashkil etish boʻlimi mutaxassisi Sarvar MISIROV bu gal Oʻzbekiston yerlarida oʻstirilayotgan mahalliy navlar xususida soʻzlab berdi:

– Manbalarda yozilishicha, steviyaning vatani Paragvay boʻlib, XVII asrdayoq ispanlar undan turli xastaliklarni davolashda foydalanishgan, shifobaxsh ichimlik sifatida isteʼmol qilishgan, – deydi S.Misirov. – Ushbu oʻsimlikning davolash xususiyati keyinchalik olimlar izlanishlari natijasida tasdigʻini topgan. Quvonarlisi, subtropik iqlimga moslashgan mazkur steviya dorivor oʻsimligi vatanimiz yerlarida ham oʻstirilmoqda.

Steviya dorivor oʻsimligi ilk bor 1996-yil Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanidagi “Ollohyoroxun” fermer xoʻjaligi yerlariga eksperimental tarzda ekilgan, Oʻsimlikni mahalliylashtirishda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti olimlari jonbozlik koʻrsatishdi. Dastlab mazkur oʻsimlikning 6 ming tupi keltirilib qadalgan boʻlsa, ayni paytda 5 gektar maydonda 600 ming tup koʻchat – oʻzida shakarqamish yoki qandlavlagidagi shakar miqdoridan koʻra 150 barobar koʻproq shakar saqlagan steviya oʻsimligi yetishtirilmoqda. Bundan tashqari yana 8 gektar maydonda Steviya dorivor oʻsimligi plantatsiyalari tashkil etilib, kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Undan olingan xom ashyoni sanoatda “Stevia Extraction” texnologiyasi yordamida qayta ishlab, steviozid, rebaudiozid innovatsion shirinlatgich mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Steviya dorivor oʻsimligining sovuqqa chidamli va dala sharoitida tabiiy gullab, sifatli urugʻ beradigan yangi “Stevia - Surxon” formasini koʻpaytirish yoʻlga qoʻyilgani yanada samarali boʻldi. Shoʻrchi tumanida Steviya dorivor oʻsimligi plantatsiyalarini tashkil etish orqali olingan xom ashyoni sanoatda qayta ishlab, farmatsevtika va oziq-ovqat sohasiga hamda eksportga yetkazib beruvchi Steviya klaster xoʻjaligini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Mavzuga doir, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti har bir kishi kuniga 60 gramm atrofida taxminan, 4 osh qoshiq shakar isteʼmol qilishni tavsiya etadi.

635
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA