O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Stalinning “shamchirogʻi” toʻgʻri yoʻlga boshlaganmidi?

Stalinning “shamchirogʻi” toʻgʻri yoʻlga boshlaganmidi?

Yaqingacha har qanday kitob, nashr (ayniqsa, kirish qismi) “aytganlaridek“, “taʼkidlaganlaridek“ degan iboralar bilan boshlanar edi. Oʻsha vaqtda buni hech kim eʼtiborga olmagan, xuddi asli shunday boʻlishi kerakdek qabul qilardi. Tadqiqot qaysi yoʻnalishda olib borilgan boʻlsa, albatta bitta “dono fikr” bilan boshlanishi kerak va ish goʻyo oʻsha fikrni isbotlashga qaratilgandek koʻrinardi.

Toʻgʻri, Sharq mamlakatlarida saroyga yaqin mulozimlar hukmdorni maqtovlarga koʻmib, “yaxshisini oshirib yomonini yashirib” kitoblar bitgan. Lekin bu har bir hukmdor yoki sulola uchun koʻpi bilan bir-ikki tarixchidan oshmagan.

Biz esa keyingi 80 yil davomida ommaviy ravishda goh u siyosatchini, goh bunisini alqab, dono fikrlarini keltirib ilmiy adabiyotlar nashr etdik, maqolalar yozdik, dissertatsiyalar himoya qildik. Oqibatda odamlar ongida tarix oʻzgaruvchan, hamma oʻziga moslab talqin qilsa boʻladigan fandek koʻrina boshladi, hatto qoida kabi odamlar ongida oʻrnashdi. Aslida fan cheksiz va u har qanday dono fikrni inkor etishi mumkin.

“Xoʻsh buning nimasi yomon?“ deguvchilar ham topiladi.

Gap shundaki 1937-yilda I.Stalinning “VKP(b) ning qisqacha siyosiy tarixi” risolasi nashr etildi. Bu “qisqacha” broshyuracha sovet davlati yashagan butun davrda tarixiy tafakkurni yoʻnaltirib boruvchi “shamchiroq“ vazifasini oʻtadi. Yaʼni tarixga sinfiy nuqtayi nazardan yondashish, har qanday tadqiqot oxir-oqibat kommunistik mafkuraning naqadar “haqqoniy” ekanligini isbotlashga qaratilishi lozimligi uqtirildi. 

Shundan boshlab barcha nashrlarda ulugʻ dohiy V.I.Lenin va biri ikkinchisini inkor qiluvchi partiya syezdlaridan iqtibos keltirila boshlandi. Xullas “broshyuracha“ oʻzining missiyasini ortigʻi bilan oʻtadiki, tadqiqotchilar tugul, oddiy oʻquvchi ham tarixiy adabiyotning shu joyini oʻqimay tashlab ketadigan yoki ijirgʻanib otib yuboradigan boʻldi.

Keyingi vaqtlarda tarixiy adabiyotlar, ilmiy tadqiqot ishlari bunday holatlardan xoli tarzda nashr etilayotgani quvonarli, albatta. Toʻgʻri-da, agar yuqoridagi holat davom etadigan boʻlsa, tarix siyosatga xizmat qiladigan boʻlsa, bizning jamiyat sobiq yakkapartiyali tuzum sarqitlaridan butunlay xalos boʻla olmaydi.

Maxmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh muhofizi

1 029
O'zA