Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 19:28 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda sportchi qizlarga bayram tuhfalari topshirildi

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan o‘quvchi-qizlariga sport kiyimlari tantanali topshirilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek tumanida tashkil etilgan ana shunday tadbirda mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, bu jarayonda qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga doimiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-fevraldagi “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgan.

Qizlar uchun yuqori sifatli, milliy va zamonaviy uslublar uyg‘unlashgan sport kiyimlari tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan 12 ming 800 dan ziyod qizga sport kiyimlari topshirish rejalashtirilgan.

– Tumanimizda 1300 dan ziyod qizga ana shunday sport kiyimlari topshirildi, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Mirzo Ulug‘bek tumani vakili D.Qurbonov. – Bu liboslar o‘quvchilarimizning sportga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga, ularning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
2 711






Все о погоде - Pogoda.uz