O‘zA O`zbek

07.06.2018 13:41 Chop etish versiyasi

Sport – ezgulik yo‘li

Sport – ezgulik yo‘li Toshkent harbiy okrugiga qarashli Sirdaryo viloyatidagi harbiy qismda maxsus bo‘linmalar o‘rtasida boks bo‘yicha “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Ishtirokchilar 6 vazn toifasida bellashdi. Final bahsida 64 kilogramm vazn toifasida kuch sinashgan Farg‘ona shahridagi harbiy qism xizmatchisi Shahboz Qalandarov mezbon bokschi Dostonbek Nabiyevga imkoniyatni boy berdi. Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi Hasanboy Muydinjonov 69 kilogramm vazn toifasida oddiy askar Muhammadjon Murodovni yengib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Mirzaolim Ne’matjonov, Islombek Mo‘minov, G‘iyos Fozilov hamda Sherzod Rasulov o‘z vazn toifasida shohsupaga ko‘tarildi.

Umumjamoa hisobida 4 oltin medalni qo‘lga kiritgan Sirdaryo jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlarga medal, faxriy yorliqlar topshirildi.

Musobaqa doirasida ishtirokchilar boks bo‘yicha birinchi o‘zbek jahon chempioni, faxriy bokschi Rufat Risqiyev uyiga tashrif buyurdi.Bundan bir necha oy muqaddam og‘ir xastalikka uchragan faxriy bokschi mehmonlarga tarixiy g‘alabalarini, boshidan kechgan voqealarni gapirib berdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan R.Risqiyevga moddiy yordam ko‘rsatilib, esdalik sovg‘alari ulashildi.

M.Toshqorayeva, O‘zA
2 644