O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 15:59 Chop etish versiyasi

Soxta reklamaga chuv tushganlar

Soxta reklamaga chuv tushganlar

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati

Sifatli mahsulot va xizmatlar aslida reklamaga muhtoj emas. Ularni isteʼmolchilarning oʻzi topadi. Biroq, istaymizmi-yoʻqmi, reklamalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Lekin ularning hammasi ham ishonchlimi?

Qonunchilikda reklamaga nisbatan qonuniylik, aniqlik, ishonchlilik talablari qoʻyilgan.

Biroq reklama beruvchilar orasida qonunni chetlab oʻtib, faqat oʻz foydasini koʻzlayotganlar yoki odamlarni chuv tushirishni maqsad qilayotganlar ham uchrab turadi.

Qurilish ishlarini bajarish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi xususiy korxonaga asos solgan buxorolik tadbirkor ishi yurishguncha ancha ter toʻkishi zarurligini anglagach, “soxta reklama” gʻoyasi haqida oʻylab koʻrdi.

Garchi reklama berishga ham puli boʻlmasa-da, mahalliy telekanal xodimini bir amallab nasiyaga koʻndirdi.

“Arxitektor-hamkor” xususiy korxonasi bepul texnika xizmati koʻrsatadi, qurilish ishlarini bepul bajaradi. Faqat smeta asosida qurilish materiallari uchun pul toʻlasangiz kifoya”.

Televideniye orqali yolgʻon gap aytilmaydi, degan fikrda boʻlgan koʻplab kishilarga bu reklama, ayniqsa, undagi “bepul” degan soʻzlar yoqib tushdi.

“Arxitektor-hamkor” xususiy korxonasi rahbari A.E. soʻzning qudratiga qoyil qoldi. Chunki reklama boʻyicha qoʻngʻiroqlarning keti uzilmas, uyimni qurib bering, seximni taʼmirlab bering, deguvchilarning oxiri koʻrinmasdi.

Uning birinchi mijozlaridan biri romitanlik A.A. boʻldi. U Romitan tumani Shifokor koʻchasida joylashgan yer maydoniga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi binosini qurdirish niyatida edi. Shu maqsadda shartnomaga muvofiq A.E.ga smeta xarajatining 50 foizini, yaʼni 2000 dollar beradi.

Korxona rahbari pulni qoʻlga kiritgach, mijozning ishonchini qozonish uchun ish boshlaydi. Bino uchun poydevor qurish maqsadida bir-necha kun qazish ishlari olib boriladi. Oradan uch-toʻrt kun oʻtib, arixitektor bu yerdan juftakni rostlaydi.

Yana yangi mijozlarni qabul qilish, ular bilan shartnoma tuzish, ishonchini qozonish uchun ishni boshlash, pulni qoʻlga kiritgach esa hammasini tashlab qochish amaliyoti davom ettiriladi.

Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi M. ismli ayol A.E.ga ishonib yangi uy quraman, deb eskisidan ham ayrildi.

Ayolning qariyb 40 million soʻm pulini qoʻlga kiritgan bu “uddaburon” uning eski hovlisini buzib berdi, xolos.

“Sammir-Teks” masʼuliyati cheklangan jamiyati soxta reklamaga ishonib, 182 million 540 ming soʻmini “Aritektor-hamkor”ga oʻtkazib berdi.

Koʻza kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, A.E.ning kirdikorlari vaqti kelib fosh boʻla boshladi. Jabrlanganlar bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgach, aldov tegirmoni toʻxtadi. Katta firibgarlik oʻyinining qahramoniga aylangan A.E. qamoqqa olindi.

– Mazkur firibgarlikka oid jinoyat ishini koʻrish jarayonida nafaqat unga katta miqdorda pul bergan oʻnga yaqin shaxs, balki qurilish ishlariga jalb etilgan, lekin haqini ololmagan ishchilar, shuningdek, reklama haqini undirolmagan telekanal xodimi ham koʻrsatma berdi, – deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudi sudyasi Akbarjon Jabborov. – Sud muhokamasi jarayonida sudlanuvchi ayrim jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni toʻlab berdi, albatta. Ammo umumiy zarar juda koʻp miqdorni tashkil etishi bois sudlanuvchi ularning barchasini bartaraf eta olmadi. Oʻzgalar mulkini aldov, firibgarlik bilan qoʻlga kiritgan va oʻz shaxsiy manfaati uchun ishlatib yuborgan A.E. aybdor, deb topildi va unga sakkiz yildan ortiqroq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Shu bilan birga qoplanmagan zararlar ham bosqichma-bosqich undirib olinadi.

Xalqimizda birovning haqi buyurmaydi yoki tekin teshib chiqadi, kabi asrlar sinovidan oʻtib kelayotgan naqllar bor. Firibgarlik qilib birovning haqiga koʻz olaytirayotganlar nahotki buni bilmasa?

Norgul Abduraimova, OʻzA