O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 11:19 Chop etish versiyasi

Soxta harbiy xizmatchi qoʻlga tushdi

Soxta harbiy xizmatchi qoʻlga tushdi

Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani Mehnatobod mahallasida yashovchi Farrux Choʻtboyev yolgʻon vaʼdalar bilan sodda odamlar ishonchiga kirib, hayot kechirishni “kasb” qilib olmoqchi boʻldi.

Bu haqda Termiz tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi mahallada yashovchi Asliddin Zavqiyev (ism-shariflar oʻzgartirildi) ichki ishlar idorasiga qilgan murojaatida bildirgan. F.Choʻtboyev Termiz shahridagi harbiy qismga ishga joylashtirishni vaʼda qilib A.Zavqiyevdan naqd 8 million 803 ming soʻm pulni olib, oʻzlashtirib ketgan.

Aniqlanishicha, F.Choʻtboyev oʻtgan yili ham bu “hunari”ni ishga solib, Sariosiyo tumani Nurobod mahallasida yashovchi nafaqaxoʻr Zuhra Shoimovani chuv tushirib ketgan ekan. U Z.Shoimovaga oʻzini harbiy xizmatchi sifatida tanishtiradi va 65 yoshdagi momoga turli xarajatlar uchun pul kerak boʻlayotganini aytib, buning evaziga keyinchalik farzandlarini harbiy qismga ishga joylashtirib qoʻyishni vaʼda qiladi. Soxta harbiy xizmatchining bu gaplariga ishongan Z.Shoimova 2017 yil 10 oktyabrdan 18 dekabrgacha F.Choʻtboyevga 1 ming 500 dollar va 1 million soʻm pulni berib yuboradi.

Ayni paytda firibgarlik koʻchasiga kirib qolgan bu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

X.Mamatrayimov, OʻzA