O‘zA O`zbek

12.09.2018 16:44 Chop etish versiyasi

Soliqchi soliq toʻlovchiga hamkor boʻlishi kerak

Namanganda “Soliq organlari – soliq toʻlovchilarning biznes-hamkori” mavzucida oʻtkazilgan oʻquv-seminarda respublika va viloyat davlat soliq xizmati shaxsiy tarkibi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublika Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari A.Fayziboyev tomonidan bugungi kunda tadbirkor va ishbilarmonlarga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish borasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish mexanizmlari haqida atroflicha tushuncha berildi.

– Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni sohaga oid islohotlar samaradorligini oshirish yoʻlidagi muhim hujjatlardan biri boʻldi, – deydi A.Fayziboyev. – Farmon xoʻjalik subyektlari va aholi daromadlariga nisbatan soliq yukini pasaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish orqali iqtisodiyotimizni yanada modernizatsiya qilish va yangilash uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Seminarda davlat soliq xizmati organlarini soliq toʻlovchilarning biznes hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imijini yaratish orqali xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan idoraga aylantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Uychi va Namangan tumanlarida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Davlat soliq qoʻmitasi vakillari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Soliq qonunchiligidagi soʻnggi oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Jumladan, endilikda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarida “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va oʻtkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizom” asosida tekshiruv oʻtkaziladi. Nizomga muvofiq, bir kunlik tekshiruvlar viloyat prokuraturasi bilan, bir kundan ortiq boʻlgan tekshiruvlar Bosh prokuratura bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, tekshiruv oʻtkazishni kelishish tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi orqali bajariladi. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi, xorijiy korxonalar, erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish faqat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi.

Muloqot davomida nazorat qiluvchi organlar jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida, tadbirkorlar faoliyatida oʻtkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari, jumladan, ommaviy axborot vositalaridan yoki ijtimoiy tarmoq, veb-saytlardan olingan maʼlumotlar asosida tekshiruv oʻtkazishni soʻrab murojaat qilishga haqli ekani, tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkor tekshiruv maqsadi bilan tanishtirilishi va u tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishi shartligi tushuntirildi.

Bugun davlat soliq xizmati organi xodimlari qanday boʻlishi kerak? Ular xizmat vazifasini bajarishda nimalarga eʼtibor qaratishi lozim? Seminarda ana shu jihatlarga eʼtibor qaratildi va bugungi soliq xodimi teran fikrlaydigan, sohaga innovatsion yondashuvchi hamda doimiy ravishda oʻz bilim, malaka va koʻnikmasini oshirib, insofli soliq toʻlovchiga hamkor boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.

Akromjon Sattorov, OʻzA
1 136