O‘zA O`zbek

09.08.2018 19:30 Chop etish versiyasi

Soliq xizmati yosh tadbirkorlarning ishonchli hamkori

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish hamda yosh tadbirkorlar oldida turgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida o‘tkazilgan tadbir ana shunday nomlandi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ittifoqi shahar kengashi, Markaziy bank shahar bosh boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda poytaxtimizning barcha tuman davlat soliq inspeksiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

2018 yil 1 yanvardan boshlab kichik biznes korxonalari tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi uchun hisoblangan summaning 8 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilishi belgilandi.

Ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida turli fanlar, jumladan, chet tillarni o‘rgatish, kompyuter dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish maqsadida tashkil etiladigan sho‘ba korxonalari 2027 yil 1 avgustga qadar barcha soliqlardan ozod etildi.

Tadbirda yosh tadbirkorlarga berilgan soliq imtiyozlari haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, amaldagi Soliq kodeksining 375-moddasiga asosan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tsa, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan e’tiboran, faoliyat turiga qarab, qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etiladi. Albatta bunday qulayliklar faoliyatini endi boshlagan yosh tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ladi.

Ayni paytda Toshkent shahrida 9 ming 926 nafar yosh yakka tartibdagi tadbirkor va 720 nafar hunarmand faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 136 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchilari qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha jami 2,8 milliard so‘mlik imtiyozlardan foydalangan.

Davlat dasturi doirasida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foizlik stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulk lizingga beriladi.

Tadbirda yosh tadbirkorlar o‘zlarining biznes rejalari taqdimotini o‘tkazdi. Bundan tashqari, “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov hamda “Ofis market” rahbari Husan Mamasaidov o‘zlarining tajribalari haqida o‘rtoqlashdi va yosh tadbirkorlarga kerakli tavsiyalar berdi. Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlarga faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar hamda vaqtini tungi klublarda o‘tkazayotgan yoshlar haqidagi video lavhalar namoyish etildi.

Tadbir doirasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi hamda har bir hududiy davlat soliq inspeksiyalari rahbarlariga tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va boshlamoqchi bo‘lgan 10 nafardan yoshlar biriktirildi. Rahbarlar o‘zlariga biriktirilgan tadbirkor yoshlar faoliyatida uchragan barcha muammolarni hal etib, oyoqqa turib ketguniga qadar doimiy ravishda muloqotda bo‘lib, amaliy yordam beradi.

Tadbir doirasida yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga sharoitlar yaratish, yoshlar bandligini ta’minlash, soliq xizmati xodimlarini – yosh tadbirkorlarning ishonchli hamkoriga aylantirish maqsadida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi hamda har bir hududiy davlat soliq inspeksiyalari rahbarlariga yoshlar biriktirildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
2 679