O‘zA O`zbek

09.08.2018 13:31 Chop etish versiyasi

Soliq tushumlari 24,2 trillion so‘mni tashkil etdi

Soliq tushumlari 24,2 trillion so‘mni tashkil etdi

Joriy yilning birinchi yarmida Davlat byudjetiga tushgan soliq tushumlari 24,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 143,1 foiz ko‘p.

Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bunda mamlakatda tadbirkorlik subyektlari soni ko‘paygani muhim rol o‘ynagan. Ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar soni qariyb 430 ming nafarni tashkil etmoqda. O‘tgan yilga nisbatan tadbirkorlar soni 30 mingga oshgan.

Faoliyat ko‘rsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni esa 195 mingdan 230 mingga yetdi.

Byudjetga tushumlarni tarmoqlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, kimyo sanoati tarmog‘ida tushumlar 209 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu borada 187,3 foiz o‘sish kuzatildi.

Savdo korxonalaridan tushumlar 3,3 trillion so‘m bo‘lib, 170,7 foiz o‘sishga erishildi. Qurilish sohasi korxonalaridan tushgan tushumlar esa 1 trillion so‘mni tashkil etdi va 170,6 foiz o‘sishga erishildi.

Oziq-ovqat sanoati korxonalaridan 833,5 milliard so‘m, umumiy ovqatlanish korxonalaridan 104,6 milliard so‘m, yakka tadbirkorlar, mahalliy tushumlar, boj va yig‘imlardan 2,9 trillion so‘m daromad keldi. Shu tariqa qariyb 1,5 barobar o‘sish ta’minlandi.

Bu raqamlar iqtisodiyotimiz izchil rivojlanayotgani, byudjetga tushumlar o‘sayotganini ko‘rsatibgina qolmay, aholi daromadlari va farovonligi oshayotganining yaqqol dalili hamdir.

N.Abduraimova, O‘zA
2 693