Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 13:36 Chop etish versiyasi

Soliq to‘lovchining halolligi qanday aniqlanadi? Soliq ta’tiliga chiqishning shartlari-chi?

Prezidentimizning 2017-yil 18-iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan belgilangan me’yorlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 30 dekabrdagi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan 5 ta qonunga, jumladan Soliq kodeksining 16 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda 7 ta yangi modda kiritilgani haqida avval xabar bergan edik.

Xususan, Soliq kodeksi halol soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutadigan soliq monitoringi joriy etilishini belgilab beruvchi yangi Soliq monitoringi bobi bilan to‘ldirildi.

Bu soliq to‘lovchilar tomonidan soliq majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq munozarali masalalarni tezda hal qilish, penya va jarimalar yozilishi tufayli moliyaviy ahvolning yomonlashuviga olib keladigan vaziyatlarni bartaraf etish imkoniyatini beradi.

Soliq kodeksining 54, 55 va 354-moddalariga vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan halol soliq to‘lovchilarga – xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq ta’tillarini berish tartibini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Bunday soliq to‘lovchilar oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib ayni vaqtda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan soliq to‘lovchilar hisoblanib, soliq ta’tillari tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash, soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirish ko‘rinishida taqdim etiladi.

O‘zA
1 485