O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Soliq sohasidagi islohotlar mamlakat iqtisodiy o‘sishida dadil qadamdir

Soliq sohasidagi islohotlar mamlakat iqtisodiy o‘sishida dadil qadamdir

Farmon va ijro 

Bugun soliq ma’muriyatchiligida o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar bilan bog‘liq. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdir. O‘z navbatida, bu mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun ham katta ahamiyatga ega.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 26 sentabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmonga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari hisobraqamlarini to‘xtatib qo‘yishning amaldagi tartibi bekor qilinib, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga asosan bu tizim qayta ko‘rib chiqiladi.

Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilinishi sohadagi islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga keng yo‘l ochdi. Xususan, soliq yuki darajasini kamaytirish maqsadida 2019 yildan yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi.

Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan 8 foizli sug‘urta badali bekor qilindi. Bu 4 pog‘onali stavkalarda undirib kelingan. Ularning maksimal stavkasi 22,5 foiz bo‘lgan. 2019 yil 1 yanvardan esa jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 12 foiz etib belgilandi.

Yana bir muhim jihat, soliq islohotlari iqtisodiyotga ta’siridan kelib chiqib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Soliq konsepsiyasi doirasida islohotlarning dastlabki bosqichi joriy yil boshidan amalga oshirilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichi Prezidentimizning shu yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan yanada izchil davom ettirilmoqda.

– Dastlab tizimdagi bu kabi o‘zgarishlar aholi yoki tadbirkorlarga biroz noodatiy bo‘lsa-da, unda ko‘rilgan chora-tadbirlar aynan o‘zlarining manfaatiga xizmat qilayotganini tezgina anglab oladi, – dedi Davlat soliq qo‘mitasi bosh inspektori Akmal Nazarov. – Ushbu farmonga asosan 2019 yil yanvar-sentabr oylaridagi pul aylanmasi 1 milliard so‘mdan ortiq yoki sug‘oriladigan yer maydoni 50 gektardan ortiq bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari 2019 yil 1 oktabrdan boshlab, paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tishi belgilandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi korxonalariga ixtiyoriy ravishda 2019 yil 1 avgustdan QQS to‘lovchisi bo‘lish huquqi berildi. Bu soliq to‘lovchiga mahsulot yetishtirishda sotib olgan tovarlari (o‘g‘it, yoqilg‘i, texnika xizmati) bo‘yicha to‘lagan QQS summasini hisobga olish (zachet qilish) va tayyor mahsuloti tannarxini pasaytirish, raqobatbardoshligini oshirish va xaridorlar ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi.

Umuman olganda, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi xalqaro tajribada o‘z ahamiyatiga ega. Hatto bu mahsulotning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Deylik, tadbirkor xorijga mahsulotini sotmoqchi bo‘lsa, unga qo‘yiladigan talablarning biri – qo‘shilgan qiymat solig‘iga ega ekanligi bilan bog‘liq. Agar mahsulotda bu talab ko‘rsatilmasa, uning sifatiga shubha bilan qarash paydo bo‘ladi.

Demak, QQS stavkasini keng joriy qilish davr talabidir. Shu ma’noda, soliq tizimiga bu kabi amaliyotlarni joriy etishda rivojlangan mamlakatlar tajribasi keng qo‘llanilmoqda va ayni paytda Xitoy, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar tajribalari o‘rganildi. Bu, o‘z navbatida, soliq to‘lovida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda soliq siyosati, u bilan bog‘liq o‘zgarishlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani bilan e’tiborlidir.

Yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga keng e’tibor qaratilayotgan bir paytda qo‘shilgan qiymat solig‘ini joriy etish va uni talablarga mos tatbiq etish ham azaliy bag‘rikengligimiz ifodasidir. Prezidentimizning 2019 yil 26 sentabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bunga yaqqol javob bo‘ldi.

Soliq konsepsiyasini amalga oshirishning navbatdagi bosqichi bo‘lgan mazkur hujjatga ko‘ra, 2019 yil 1 oktabrdan QQS stavkasi 20 foizdan 15 foiz pasaytirildi, hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishning amaldagi tartibi bekor qilindi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining pasaytirilishida hamma uchun foydali taraflar bor. Misol uchun, soliq stavkasining pasayishi iste’mol bozoridagi tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxi tushishiga olib keladi. Bu esa xarid qobiliyati va mahsulotlarga bo‘lgan talab oshishiga imkon yaratadi. Shuningdek, soliq stavkasi pasaytirilishi hisobiga soliq to‘lovchilar tasarrufida qo‘shimcha mablag‘lar qoladi va yana shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatda ishlab chiqariladigan ko‘pgina tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini samarali shakllantiradi.

Yuqorida izoh berganimiz kabi endi barcha paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar 2019 yil hosilidan boshlab (sentabr) QQS to‘lashga o‘tadi. Bu jarayonda ularga 2018 yilning 1 oktabridan boshlab haqiqatda olingan va paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi berildi.

– 2019 yil 1 oktabrdan belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi, – dedi Davlat soliq qo‘mitasi katta inspektori Dildora Hoshimova. – Ushbu tartibni joriy qilishdan maqsad QQSning to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha uchun teng sharoit yaratib, pirovardida mahsulot tannarxini pasaytirish va korxona daromadini oshirishdan iboratdir. Bunda mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarda to‘langan QQS summasini to‘g‘ri va to‘liq hisobga olish muhim hisoblanadi. QQSni qanchalik to‘g‘ri hisob-kitob qilish katta ahamiyatga ega. Fermer xo‘jaliklariga QQSni to‘lashga o‘tishi davomida yaqindan yordam berish uchun soliq idoralaridan har 10 ta fermer xo‘jaligiga 1 tadan xodim biriktirilgan. Paxtachilikka ixtisoslashgan har bir klasterga DSBdan mas’ul xodim biriktiriladi. DSI xodimlari fermerlarga yordam bersa, DSB xodimlari klasterlarga ko‘mak beradi. Bugungi kunga qadar viloyat, tuman soliq idoralari tomonidan seminar va tushuntirishlar olib borilmoqda. Endi ushbu ishlarni tahlil qilib, hamkorlikni, amaliy yordam ko‘rsatishni yanada kuchaytirishimiz kerak.

Ta’kidlash kerakki, ayni paytda mamlakatimiz dalalarida paxta terimi qizg‘in davom etmoqda. Ushbu oyda topshirilgan (yuklab jo‘natilgan) paxta xomashyosi bo‘yicha 25 oktabrga qadar QQS summasini hisob-kitob qilib, budjetga to‘lash lozim bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ushbu soliq summasini to‘g‘ri hisoblash, amalga oshirgan xarajatlaridagi QQS summasini to‘liq hisobga olishda fermer va buxgalterlar hamda biriktirilgan soliq idorasi xodimlari mas’uldir. Farmonda ko‘rsatilgani kabi QQS to‘lashga o‘tayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalari QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi, fermerlar tomonidan 2018 yil 1 oktabrdan keyin sotib olingan va paxta yetishtirishga sarflangan tovar va xizmatlarning hisobvaraq-fakturalarini xatlovdan o‘tkazishi, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i mahsulotlar bo‘yicha hisobvaraq-fakturalarini to‘liq yig‘ib olishga alohida e’tibor qaratishi asosiy talablardandir.

– Bundan tashqari, 2019 yil paxta xomashyosi hosilidan boshlab hisobvaraq-fakturada QQS ko‘rsatilib topshiriladi, – dedi Davlat soliq qo‘mitasi bosh inspektori Muzaffar Yusuf Nazarov. – Hisobvaraq-faktura paxta topshirilgan qayd varag‘i asosida har oy yakuni bilan keyingi oyning 5 sanasigacha paxta zavodiga taqdim etiladi. Yana bir bor qayd etish joizki, paxta xomashyosini yetishtiruvchilar 2019 yil hosilini yetkazib berishdan boshlab paxtani qayta ishlash zavodlariga taqdim etadigan hisobvaraq-fakturalarni QQS bilan rasmiylashtirishlari shart. 2019 yil 1 oktabrdan QQS stavkasi 15 foiz etib belgilanganligi bois, 1 oktabrdan keyin yuklab jo‘natilgan paxta xomashyosi bo‘yicha rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturalarda QQS summasi 15 foizdan kelib chiqib hisoblanishi lozim. Bunda paxtaning kondension hajmi hisobga olinadi. Soliq idorasidan biriktirilgan xodimlar hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashadi. Xarid qilingan tovar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha hisobvaraq-fakturalar to‘g‘ri rasmiylasht
irilgani tekshirib chiqiladi va realizatsiya hamda xarid qilingan tovarlar bo‘yicha hisobvaraq-fakturalardan kelib chiqib, QQS hisoblab chiqariladi. Sotilgan paxta va xarid qilingan tovar va xizmatlar bo‘yicha to‘langan QQS summalari o‘rtasidagi ijobiy farq budjetga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi qarori bilan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalarida ish yuritish hujjatlari Yagona elektron axborot markazi tizimi orqali, ya’ni amaliyotga joriy qilingan “agroonline.uz” onlayn dasturida tayyorlanishi belgilangan. Ushbu dasturga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda foydalaniladigan moddiy resurs va xizmatlar bo‘yicha tuzilgan shartnomalar va shular doirasidagi amallar kiritib borilishi lozim. Mazkur dasturda QQS hisobotini shakllantirish va soliq idoralariga yuborish imkoniyati ham yaratilgan. QQSni hisoblab chiqarish va shu bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda soliq idoralariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish mumkin. Bundan tashqari, joylarda har bir tumanda “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi mavjud va ular xizmatidan foydalanish ham maqsadga muvofiqdir.

12 643
Nasiba ZIYoDULLAEVA, O‘zA