O‘zA O`zbek

11.09.2018 18:11 Chop etish versiyasi

Soliq siyosatida nimalar oʻzgarmoqda?

Soliq siyosatida nimalar oʻzgarmoqda? Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni, soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B.Musayev boshchiligidagi targʻibot guruhi Surxondaryo viloyatida soha xodimlari, tadbirkorlar, aholi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Termiz shahrida viloyat davlat soliq xizmati organlari shaxsiy tarkibi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda mamlakatimiz soliq tizimidagi oʻzgarish va yangiliklar, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, soliq yigʻiluvchanligi darajasini oshirishga taʼsir qilayotgan asosiy omillar, “Soliq xizmati – insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani soʻzsiz bajarishda soha xodimlarining masʼuliyati kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soliq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish, soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarga barham berish, soliq yigʻiluvchanligi darajasini oshirishda muhim omil boʻlayotir. Shunga muvofiq, uchrashuvda bu borada duch kelinayotgan muammolarga chek qoʻyib, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq yigʻiluvchanligining oshirilishini taʼminlash chora-tadbirlari haqida soʻz bordi.

Surxondaryo viloyatida 20 ming 500 tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ular tayyor mahsulot ishlab chiqarish, qurilish, turli xizmatlar koʻrsatish va boshqa tarmoqlarni yuksaltirishga munosib hissa qoʻshayotir.

Uzun, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Shoʻrchi, Jarqoʻrgʻon tumanlaridan kelgan tadbirkorlar ishtirokida Qumqoʻrgʻonda oʻtkazilgan uchrashuvda soliq islohotlari Konsepsiyasiga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan soliq solish tartibiga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida maʼlumot berildi. Joylardagi ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga toʻsiq boʻlayotgan muammolar tahlil qilindi.

– Mazkur tadbir soliq toʻlovchilarga sohada olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, soliq toʻlash madaniyatini yanada oshirish maqsadida oʻtkazilmoqda, – deydi Davlat soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi B.Ismoilov. – Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari duch kelayotgan muammolarni oʻrganib, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishda ularning takliflarini inobatga olgan holda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish rejalashtirilmoqda.

Viloyat markazida boʻlib oʻtgan tadbirda Termiz shahri, Boysun, Sherobod, Qiziriq, Muzrabot, Angor va Termiz tumanlari tadbirkorlari qatnashdi.

– Korxonamizda 100 ga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi, – deydi “Surxon Termiz Chinni” MCHJ hisobchisi N.Eshqobilova. – Uchrashuvda soliq yukini kamaytirish boʻyicha berilayotgan yengilliklarni tinglar ekanman, korxonamiz misolida hisob-kitob qilib koʻrdim. Jumladan, joriy yilning olti oyida jamoamiz ish haqidan 31,7 million soʻm sugʻurta badali hisoblangan. Kelgusi yil birgina sugʻurta badalining bekor qilinishi natijasida ishchi-xodimlar ixtiyorida 70 million soʻm qolishi kutilmoqda. Demak, bir yilda har bir xodimning daromadi 1 million soʻmga oshadi. Soliq solish tartibiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelgusida yana 100 ga yaqin yangi ish oʻrni barpo etamiz.

Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar xalqimiz manfaatini taʼminlash, insofli soliq toʻlovchilar safini kengaytirish, mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini va xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga yoʻnaltirilgani bilan ham ahamiyatlidir. Xususan, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2019 yil 1 yanvardan ayrim turdagi soliq va boshqa majburiy toʻlovlar bekor qilinishi, soliq stavkalarining pasayishi kelgusi yil viloyatda 270 milliard soʻm mablagʻni tadbirkorlar va jismoniy shaxslar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi. Tabiiyki, bu el-yurt farovonligi uchun xizmat qiladi.

Ochiq muloqotlarda soliq toʻlovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA
2 228