O‘zA O`zbek

02.08.2018 19:51 Chop etish versiyasi

Soliq imtiyozlari – farovonlik omili

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tuzilgan targ‘ibot-tashviqot guruhi korxona va tashkilotlarda, aholi o‘rtasida soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatimiz soliq qonunchiligi soddalashtirilib, yuridik shaxslarga ham, jismoniy shaxslarga ham soliq to‘lovlari bo‘yicha qator yengilliklar yaratildi.

Andijon shahridagi “Andijonyog‘moy” aksiyadorlik jamiyati hamda Xo‘jaobod tumanidagi “Barchinoy” xususiy korxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda soliq tizimidagi o‘zgarishlar, afzallik va imtiyozlar xususida keng tushuncha berildi.

– Soliq boshqarmasi mutaxassislari bilan bo‘lgan muloqotda yangi soliq konsepsiyasining afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot oldik, – deydi “Andijonyog‘moy” AJ bosh hisobchisi Azizbek Rahmonov. – Korxonamizda 900 dan ziyod kishi mehnat qiladi. Joriy yilningbirinchi yarmida ishchi-xodimlar uchun 6 milliard 600 million so‘m ish haqi hisoblangan. Shundan 614,5 million so‘m daromad solig‘i ushlab qolingan. Fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi sug‘urta badallariga qariyb 529 million so‘m o‘tkazildi.

Ta’kidlash kerakki, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab ushbu sug‘urta badali bekor qilinadi. Buning natijasida korxona ishchi-xodimlari oladigan daromad keyingi yilning xuddi shu paytida 350 million so‘mga oshadi.

Yangi soliq konsepsiyasiga ko‘ra, kelgusi yildan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i 12, mol-mulk solig‘i 2 foizga tushiriladi hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga 3,2 foizli ajratmalar o‘tkazish bekor qilinadi. Bu albatta, korxona va tashkilotlar faoliyati rivojiga katta yordam beradi.

Shu o‘rinda yana faktlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, “Andijonyog‘moy” aksiyadorlik jamiyati shu yilningbirinchi yarmida 1 milliard 950 million 500 ming so‘m soliq to‘lagan. Yangi konsepsiya doirasida 2019 yildan yuridik shaxslardan olinadigan foyda, mol-mulk solig‘i hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalarning bekor qilinishi natijasida jamiyat ixtiyorida yiliga qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

Mahsulotining asosiy qismini eksport qilayotgan Xo‘jaobod tumanidagi “Barchinoy” xususiy korxonasi soliq to‘lovchilari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ham mutaxassislar tomonidan mehnatga haq to‘lash, soliq to‘lovlarining yangi tartib va qoidalari to‘g‘risida keng tushuncha berildi.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 313 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan korxonada berilgan soliq imtiyozlari tufayli keyingi yilda xodimlarning oylik daromadi 34 million so‘mga oshishi, boshqa turdagi soliqlar bo‘yicha berilgan imtiyozlar hisobiga korxonada kelgusi yili 54 million so‘m mablag‘ tejalishi ma’lum bo‘ldi.

– Amaldagi soliq qonunchiligida ishchi-xizmatchilarning oylik daromadini hisoblash bir qator murakkabliklarni keltirib chiqarar edi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori Sherzodbek Abdurahmonov. – Ayniqsa, korxonalar xodimlar sonini yashirishga harakat qilardi. Chunki har bir ishchi uchun ma’lum miqdorda majburiy to‘lov belgilangan edi. Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan yangi soliq konsepsiyasiga asosan endi bu kabi muammolar barham topadi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 608