O‘zA O`zbek

28.08.2018 19:12 Chop etish versiyasi

Soliq imtiyozi tufayli korxonada 138 million soʻm mablagʻ tejaldi

Soliq imtiyozi tufayli korxonada 138 million soʻm mablagʻ tejaldi
Mamlakatimiz soliq qonunchiligida toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 300 mingdan 3 million AQSH dollarigacha boʻlganda – 3 yil, 3 milliondan 10 million AQSH dollarigacha boʻlganda – 5 yil, 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlganda 7 yil muddatga soliq imtiyozlaridan foydalanish tartibi belgilangan.

Bu qulay investitsiya muhitini shakllantirishga xizmat qilib, xorijiy investorlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

– Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritgan korxonalar uning hajmidan kelib chiqib, foyda, mulk, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq toʻlovi, hamda Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etilgan, – deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilmurod Parpiyev. – Mazkur imtiyozlar tufayli olingan daromadning kamida 50 foizini korxonani qayta investitsiyalashga yoʻnaltirish belgilangan. Bu, albatta, xorijiy investorlar uchun kafolatlar va afzalliklar tizimini yanada kengaytirib, ularning yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshishi, qolaversa, aholi bandligini taʻminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Andijon shahrida xitoylik ishbilarmonlar tomonidan tashkil etilgan“Marjan investment group” korxonasi ana shunday korxonalardan biridir. Ushbu korxona faoliyat boshlaganiga endigina bir yil boʻldi. Lekin bu yerda tayyorlanayotgan gazlamalarga ichki bozorda talab yuqori. Hozirda 127 nafar kishi mehnat qilayotgan korxonada qariyb 4,5 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Soliq toʻlovlari boʻyicha yuqorida qayd etilgan imtiyoz va preferensiyalar tufayli korxona oʻtgan yilning oʻzida 138 million soʻm soliq imtiyoziga ega boʻldi.

Korxona joriy yil aprel oyidan oʻz mahsulotlarini Qirgʻiziston Respublikasiga eksport qilmoqda. Shu kunlarda qoʻshni Tojikiston, Qozogʻiston va Turkmaniston davlatlaridagi hamkorlar bilan shartnomalar tuzish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Umuman, korxonada yil oxiriga qadar 400 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilinishi belgilangan.

–17 million 225 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritib, faoliyatimizni boshlaganmiz, – deydi“Marjan investment group” masʻuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona bosh direktori oʻrinbosari Baxtiyor Oripov. – Hozirda Xitoydan keltirilgan sintetik matolarga gul bosish va boʻyash ishlari bajarilmoqda. Bu – loyihaning birinchi bosqichi. Soliqdan tejab qolingan mablagʻlar hisobiga ishlab chiqarishni kengaytirmoqchimiz. Yaqin vaqt ichida sintetik hamda tabiiy matolarni korxonamizning oʻzida toʻqish yoʻlga qoʻyiladi. Bu bilan yana 100 yangi ish oʻrni yaratiladi.

Xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning ikkinchi bosqichida korxonada suvni tozalash inshootini oʻrnatish va ishga tushirish belgilangan. Bu korxonadagi, qolaversa, korxona atrofidagi mahallalar aholisining chiqindi suvlarini tozalab, isteʻmolga yaroqli holga keltirish, yana 10 nafar kishini doimiy ish bilan taʻminlash imkonini beradi.

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA
1 503