O‘zA O`zbek

27.09.2020 Chop etish versiyasi

Sohibqiron oʻz chodiriga tosh uloqtirganlarni ham kechirgan

Sohibqiron oʻz chodiriga tosh uloqtirganlarni ham kechirgan
Kun tarixi

Vatanimiz tarixidagi 27-sentabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

1400-yil (bundan 620 yil oldin) – Sohibqiron Amir Temur oʻzining “yetti yillik yurish”lari davrida Suriyadagi Bihishti va Ayntob qalʼalarini egalladi. Bu haqda Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobida maʼlumot berilgan. Behishti qalʼasi dara ichida joylashgan mustahkam qalʼa edi. Qalʼaning Muqbil ismli dorugʻasi (boshligʻi) Temur kelayotganini bilib gʻururdan qalʼani berkitadi. Sohibqiron ushbu qalʼaning yaqinidagi bir baland yerda chodir tikadi. Qalʼa ichidagilar esa manjaniqdan Temurning chodiriga tosh uloqtira boshlaydilar. Amir Temurning qattiq jahli chiqib, qoʻshinga ushbu qalʼani egallashni buyuradi.

Temur qoʻshini 20 ta manjaniq yasaydi. Ana shu manjaniqlardan biri yordamida qalʼa ichidan turib sohibqironga tosh otilgan manjaniqni nishonga olib parchalab tashlaydilar. Temur askarlari manjaniqlardan qalʼaga qattiq zarar yetkazadilar. Buni koʻrgan dorugʻa Muqbil qoʻrqqanidan oʻzi borolmay Temurga uning bir qoshiq qonidan kechishini soʻrab kishilar yuboradi. Sohibqiron qalʼani egallagandan soʻnggina uning gunohidan oʻtishini, agarki qalʼa eshigidan qaytsa, xalq qalʼani ololmagani uchun ketdi, degan xayolda boʻlishini aytadi.

Shanba kuni, safar oyining yettisida, tarix sakkiz yuz uchda (1400-yil 27-sentabrda) Amir Temur nagʻam (qalʼaning ostidan uni oʻpirish uchun kavlanadigan chuqur)lardan olov solishni farmon beradi. Oʻt solgandan soʻng qalʼaning burjlari yiqila boshlaydi. Buni koʻrgan Muqbilning askarlari har yonga tarqab ketadilar. Qalʼaning ulugʻ ulamo va arboblari shahzoda Shohruxni oʻzlariga shafe qilib Sohibqirondan Muqbilning gunohidan oʻtishni soʻraydilar. Sohibqiron ulugʻ kishilarning soʻzini qaytarmaydi.

1897-yil (bundan 123 yil oldin) – qoʻqonlik seleksioner olim, biologiya fanlari doktori, professor Fedor Mauyer tavallud topdi (vafoti 1963-yil). U Oʻzbekiston paxtachiligida urugʻchilik nazorati ishi tashkilotchisi, Ozarbayjonda ingichka tolali gʻoʻzani ekish tashabbuskori hisoblanadi.

1943-yil (bundan 77 yil oldin) – Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi (asl ism-sharifi Tursunali Parpiyev) tavallud topdi (vafoti 2005-yil). U lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi sheʼrlari bilan tanilgan.

1943-yil (bundan 77 yil oldin) – samarqandlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 18 yoshli Ravshan Mahmudov Chernigov viloyatining Repki rayonidagi Zmei xutori yaqinida birinchilardan boʻlib Dnepr daryosini kechib oʻtdi, jangchilarni 3-marta hujumga boshladi, oʻng sohildagi plasdarmni saqlab qolish uchun boʻlgan jangda halok boʻldi. U 1944-yil 15-yanvarda (vafotidan soʻng) Qahramon unvoniga sazovor boʻlgan.

2017-yil (bundan 3 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25 yilligi hamda mamlakatimizda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashay boshlaganining 80 yilligi munosabati bilan festival tashkil etildi.

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi

1 364
OʻzA