O‘zA O`zbek

07.08.2019 Chop etish versiyasi

Sohibqiron dahosiga sayohat

Sohibqiron dahosiga sayohat

Sohibqiron Amir Temur haqida gap ketganda adolat, jasorat, dono soʻzlari qoʻshib ishlatiladi. Darhaqiqat, Sohibqiron shu fazilatlarga ega daho inson edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi majlislar zalida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali qalamiga mansub Sohibqiron Amir Temur haqidagi kitoblar taqdimotida ana shu haqida soʻz bordi.

– Amir Temur haqida shunchaki yozib boʻlmaydi. Oldin Sohibqiron abadiyatini anglab, uni dildan his qilib, oʻzini ruhan shunga tayyorlab, soʻng yozish kerak. 1967-yildagi “Gumbazdagi nur” dostonimda Amir Temur shaxsini gavdalantirganman. Shundan soʻng Sohibqironga atab koʻplab sheʼrlar, dostonlar, asarlar yozdim. Katta tarixiy roman yozishimga ustozim, akademik Matyoqub Qoʻshjonovning iliq fikrlari sabab boʻldi. Shu tufayli men yigirma yil ichida toʻrt tomdan iborat “Ulugʻ saltanat” romanini yozishga oʻzimda kuch topdim. Ustozlar duosi, oʻquvchilarning talabi bilan kitob toʻrtinchi marta yana nashr etildi. Albatta, kitobda qoʻshilgan, biroz oʻzgartirish kiritilgan joylari koʻp. Sohibqiron haqida yozganlarim kitobxonlarga manzur boʻlayotgan ekan, men faxr bilan izlanishda davom etaveraman.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari, Qurolli Kuchlar akademiyasi umumqoʻshin fakulteti kursantlari, malaka oshirish fakulteti tinglovchilari, Akademiya professor-oʻqituvchilari, Toshkent garnizonda joylashgan harbiy qism xizmatchilari ishtirokidagi tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan oʻzbek davlatchiligi tarixida ulkan oʻrin tutgan Amir Temur shaxsi, uning saltanati, jang sanʼati, adolatli hukmdor boʻlgani eʼtirof etildi.

Muallif “Ulugʻ saltanat”, “Amir Temur chamani”, “Sarbadorlar”, “Amir Temur qalbida chaqnagan nur” kitoblarining yaratilishi, tarixiy asar yozish mashaqqati haqida gapirdi.

– Sohibqiron Amir Temurni anglashda oʻzimizning adiblarimiz tomonidan yozilgan asarlar qatorida sevimli yozuvchimiz Muhammad Ali romanlari, doston va sheʼrlariga murojaat qilamiz. Bugun taqdimotda yozuvchi bilan yuzma yuz uchrashib oʻzimizga qiziq boʻlgan barcha savollarga javob oldik, – dedi Fargʻona viloyati Buvayda tumani mudofaa boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Zafar Qurbonov.

Tadbir soʻngida yigʻilganlarga muallif dastxati tushirilgan kitoblar sovgʻa qilindi. Yosh kursantlar yozuvchi bilan esdalikka suratga tushishdi.

3 695
Dilobar MAMATOVA, OʻzA