O‘zA O`zbek

12.09.2018 20:23 Chop etish versiyasi

Sogʻlomlashtirish mavsumi sarhisobi

Poytaxtimizda Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan joriy yilgi sogʻlomlashtirish mavsumi yakuni boʻyicha anjuman tashkil etildi.

Jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimlik, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat va sport tizimlari mutasaddilari, oʻqituvchilar, murabbiylar, oromgohlar rahbarlari ishtirok etgan anjumanda mamlakatimizda yosh avlodning intellektual rivojlanishi, maʼnaviy va jismoniy kamoloti yoʻlida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonda bolalarni yozgi dam oldirish va sogʻlomlashtirish ishlari muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Yoz mavsumi davomida, mehribonlik uylari, maktab-internati tarbiyalanuvchilari, kam taʼminlangan, yolgʻiz va koʻp bolali oilalar hamda diniy oqimga mansub oilalar farzandlariga oromgohlarga bepul yoʻllanmalar ajratildi. Shu bilan birga ragʻbatlantirish asosida, imtiyozli tarzda iqtidorli bolalar ham oromgohlarga jalb etildi.

Anjumanda yozgi sogʻlomlashtirish mavsumi yakunlari sarhisob qilindi. Unga koʻra, joriy yilda Toshkent shahri boʻyicha 27 statsionar oromgohlarda 30 mingdan ziyod bolalar sogʻlomlashtirilgan. Maktablar qoshida tashkil etilgan 66 kunduzgi oromgohda esa 24 mingdan ziyod bolalar dam olgan.

Mavsumda eng namunali faoliyat koʻrsatgan oromgohlar, xodimlar, xoʻjalik organlari, hokimliklar, hamkor idora va tashkilotlar “Eng namunali statsionar bolalar oromgohi”, “Eng namunali kunduzgi bolalar oromgohi”, “Eng yaxshi oromgoh boshligʻi”, “Eng masʼuliyatli tashkilotchi”kabi 13 nominatsiya boʻyicha ragʻbatlantirildi.

– Bu yil Boʻstonliq tumanidagi “Zangori olov” sogʻlomlashtirish markazida mamlakatimizning turli hududlaridan 1492 nafar bolaning miriqib dam olishini taʼminlashga erishdik, – deydi “Eng masʼuliyatli tashkilotchi” nominatsiyasi gʻolibi, “Toshshahargaztaʼminot” korxonasi kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Muyassar Alimxoʻjayeva. – Mavsum davomida madaniy-maʼrifiy, sport tadbirlari, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan viktorinalar, intellektual oʻyinlar, tanlovlar oʻtkazildi, tabiat qoʻyniga sayohatlar uyushtirildi.

Anjumanda gʻoliblarga esdalik sovgʻalari va diplomlar topshirildi.

Davron Sunnatov, OʻzA
1 556