O‘zA O`zbek

12.10.2018 11:54 Chop etish versiyasi

Sogʻlomlashtirish markazidan 31 million soʻmdan ortiq zarar undirildi

Sogʻlomlashtirish markazidan 31 million soʻmdan ortiq zarar undirildi

Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari gaz taʼminoti idorasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Jizzax shahridagi “Oʻrda” sogʻlomlashtirish markazida tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi oʻrganilganda qoidabuzarlik sodir etilgani aniqlandi. 

Isteʼmolchi taqsimlash shoxobchasiga borgan oʻrta bosimli tabiiy gaz quvuriga soʻrgʻich moslama oʻrnatib, yoqilgʻidan noqonuniy foydalanib kelayotgani maʼlum boʻldi.

– Viloyat gaz taʼminoti korxonasi sogʻlomlashtirish markazi tomonidan davlatga yetkazilgan zarar 31 million 566 ming soʻmdan ortiq boʻlgani hisoblandi, – deydi Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi boshligʻi Dilshod Ergashov. – Mazkur holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, sogʻlomlashtirish markazi rahbari harakatlari noqonuniy ekanligi tushuntirildi. Shundan soʻng, sogʻlomlashtirish markazi tomonidan yetkazilgan zarar hamda qayta ulanish uchun eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida jarima summasi toʻliq toʻlab berildi.

Sogʻlomlashtirish markazi rahbari oʻz aybini toʻliq tan olib, pushaymon ekanligi, qonunbuzarlik aniqlangandan soʻng 30 kunlik muddat ichida yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanganligi hamda jinoyat oqibatlarini bartaraf etganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismi 8-bandiga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻxtatildi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
621