Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 14:41 Chop etish versiyasi

Sog‘lom yashash uchun qulay sharoitlar yaratish inson manfaatlarini ta’minlashdir

Malakali tibbiy xizmatdan foydalanish har bir insonning huquqidir.

Mamlakatimizda fuqarolarning ushbu konstitutsiyaviy huquqini to‘laqonli ta’minlash, salomatligini mustahkamlashi va sog‘lom hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinib, Davlat dasturining izchil amalga oshirilayotgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

Shavkat Mirziyoyev shu yil 5-yanvar va 7-fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida mamlakatimizning barcha hududida tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilash, xususan, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida ham bu masala diqqat markazida bo‘ldi. Prezidentimiz tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekan, aholining ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun yanada kengroq qulayliklar yaratish zarurligini ta’kidladi. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining Buxoro filiali binosini jahon standartlariga mos ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.

Bu nafaqat jamoamizni, balki viloyatimiz ahlini g‘oyat quvontirib yubordi. Chunki viloyatimiz iqlimi keskin kontinental va quruq bo‘lgani, Orol dengiziga yaqinligi bois ba’zi odamlar buyrakda tuz yig‘ilishi, tosh paydo bo‘lishi, surunkali buyrak yetishmovchiligi kabi kasalliklardan aziyat chekadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan muassasamizga dunyo talablari darajasidagi tibbiy texnologiyalar, urodinamik laboratoriya asbob-uskunalarining olib kelinishi endourologik operatsiyalarni tez va sifatli o‘tkazish, masofaviy litotripsiya, ultratovush va rentgen tekshiruvlarini zamonaviy asosda tashkil etish imkonini beradi.

Ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlangan filialda nafaqat Buxoro, balki qo‘shni viloyatlar aholisi ham davolanishi mumkin. Muassasamiz urologiya sohasida mamlakatimiz tibbiyoti erishayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish, bemorlarga yordam ko‘rsatish bilan birga tibbiy-profilaktika ishlarini rivojlantirishda birlamchi tibbiyot maskanlariga ko‘mak berish bo‘yicha katta salohiyatga ega markazga aylanadi.

Viloyatimizda sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan bunday e’tibor hamkasblarimizning ishga mas’uliyatini yanada oshiradi. Tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari, taniqli olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirishga bor kuch va salohiyatimizni sarflaymiz.

Karim G‘oziyev,

Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot
markazi bosh shifokori.

O‘zA
219






Все о погоде - Pogoda.uz