O‘zA O`zbek

20.08.2018 16:06 Chop etish versiyasi

Sog‘lom haydovchi texnik soz avtobusda qanday qilib yo‘l-transport hodisasini sodir etdi?

Sog‘lom haydovchi texnik soz avtobusda qanday qilib yo‘l-transport hodisasini sodir etdi? Joriy yilning 26 iyulida Mirobod tumani Bobur ko‘chasi 1-sonli “Baxt uyi” (sobiq 1-FHDYO) qarshisida taxminan 14:30 larda sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi ijtimoiy tarmoq va internet nashrlarida ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqargan edi.

“Toshshahartransxizmat” AJ ma’muriyatining Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmatiga mu’lum qilishicha voqea yuzasidan maxsus ishchi komissiyasi tuzilgan bo‘lib, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, YTH “3-avtobus saroyi” MCHJda tasarruf etiladigan “Beltepa mavzesi ASHB va mahalliy havo yo‘llari 3-terminal” bo‘ylab harakatlanadigan 11-yo‘nalish haydovchisi Anvar Islomov boshqaruvidagi davlat raqami 01 041 JFA “MAN” rusumli avtobusda sodir etilgan. Natijada 9 nafar yo‘lovchi yengil jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki surushtiruvda 1993 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan haydovchi A.Islomov shu kuni soat chamasi 05:00larda yo‘nalishda ishga chiqqan. Hodisa sodir etilgan vaqtda 9-qatnovni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Haydovchi sog‘lom, avtobus texnik soz bo‘lgan. “3-avtobus saroyi” MCHJda 2 yildan buyon haydovchi sifatida ishlab kelgan. Hodisaga A.Islomovning (ish kunning ikkinchi yarmida 14:30) birmuncha toliqqanligi va ish tajribasi kamligi hamda boshqaruvni yo‘qotgan mahalda shoshib qolgani sabab bo‘lgan.

Ushbu hodisa barcha avtobus haydovchilari o‘rtasida muhokama etildi va ular qo‘shimcha yo‘riqnomadan o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi vaqtida jabrlanganlarga Jamiyat va uning tarkibidagi “3-avtobus saroyi” MCHJ moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Buning uchun avtosaroydan mas’ullar biriktirilgan.

Ayni paytda YTH tufayli jarohatlangan 9 nafar yo‘lovchining 6 nafari sog‘ligi yaxshilanib uyga qaytish uchun ruxsat berilgan, qolgan 3 nafari shifoxonada salomatligini tiklamoqda.

Sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi uchun “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati shahrimiz aholisi va mehmonlaridan uzr so‘raydi.

O‘zA
2 062