O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida birinchi o‘zbek-turk biznes forumi ish boshladi

Sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida birinchi o‘zbek-turk biznes forumi ish boshladi

Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Salomatlik haftaligi” doirasida sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida birinchi o‘zbek-turk biznes forumi ham tashkil etildi. Unda Turkiya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja boshchiligidagi nufuzli delegatsiya ishtirok etmoqda.

Qayd etish joizki, ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirlari shu yil fevral oyida Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining yuqori darajadagi vazirlar ishtirokidagi sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish uchun kuchlarni birlashtirish mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilish paytida Toshkentda o‘zbek-turk forumini tashkil etishga kelishib olishgan edilar. Shuningdek, ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari Alisher Shadmanov va Faxruddin Qovja 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni ham imzolashgan edi.

Ushbu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq tashkil etilgan mazkur biznes forumning rasmiy ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning oliy darajadagi uchrashuvlari, do‘stona siyosati tufayli qardosh xalqlarimiz o‘rtasida ko‘p asrlik umumiy tarixga, madaniyat va urf-odatlarga ega bo‘lgan do‘stlik rishtalari, shuningdek, hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini ta’kidlashdi. Ushbu hamkorlikni sog‘liqni saqlash misolida oladigan bo‘lsak, tibbiyot muassasalarini tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, yetakchi ilmiy markazlar va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashishga ko‘maklashish borasidagi qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) alohida o‘rin tutadi. O‘tgan yil mart-iyul oylarida TİKA gumanitar yordam sifatida yurtimizga 50 ta “Toyota ” rusumli tez yordam mashinalarini yetkazib berish bo‘yicha loyihani amalga oshirdi.

Yana bir e’tiborli jihati, 2018 yil aprel oyidan boshlab transplantatsiya sohasida taniqli turkiyalik olim, professor Mahmud Xaberal rahbarligida Anqara shahridagi Boshkent universiteti mutaxassislari ishtirokida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi boshlandi. Ayni paytga qadar yurtimizda 300 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

Ta’kidlash joizki, Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti (Sağlık Bilimleri Üniversitesi) bilan kelishuvga binoan shu yil yozda Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida ushbu universitetning filiali ochilgan bo‘lib, u yerda Tibbiyot fakulteti va Oliy tibbiyot maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu maskanda 130 dan ziyod talabalar tahsil olmoqda.

“Kanimed saglik gozumlari” kompaniyasi bilan Termiz, Namangan, Andijon va Toshkentda 70 million AQSh dollari miqdoridagi laboratoriya diagnostika markazlarini tashkil etish, shuningdek, xususiy kasalxonalar qurish bo‘yicha 30 million AQSh dollarilik loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Termiz shahrida zamonaviy “Kani-med” laboratoriya markazi ochilganini alohida ta’kidlash kerak. Bu yerda, 30 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 300 ga yaqin turdan ortiq laboratoriya tahlillari bajarilmoqda.

Shuningdek, “Alles Tek Group” turk kompaniyasi bilan telemeditsina, gemodializ xizmati va laboratoriya xizmatlarini tashkil etish borasida davlat-xususiy sheriklik asosida faol ishlar olib borilmoqda. Bu kabi sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi xayrli ishlarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Forum doirasida har ikki mamlakat sog‘liqni saqlash sohasidagi faoliyat aks etgan ko‘rgazma ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlar, taqdimotlar, davra suhbatlari hamda turk delegatsiyasi vakillarining davlat va xususiy tibbiyot muassasalariga tashriflari tashkil etiladi. Jumladan, ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishishib, o‘zbek-turk shifokorlari hamkorligida tibbiyotning turli yo‘nalishlarida noyob jarrohlik amal
iyotlari o‘tkazilgan bemorlar holidan ham xabar olishadi.

Bundan tashqari, forum dasturida mamlakatimiz uchun katta madaniy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrifi ham rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.





1 785
O‘zA