O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Sogʻligingiz oʻz qoʻlingizda

Sogʻligingiz oʻz qoʻlingizda
Uyda qoling!

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyoning 180 dan ortiq davlatlarida koronavirus infeksiyasining yangi tipi boʻyicha murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 29-yanvaridagi “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida ”gi farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyatida ham tegishli epidemiologik chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Bu borada viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev rahbarligida maxsus shtab tashkil etilib (SOVID-19) koronavirus infeksiyasini Sirdaryoga kirib kelishini va tarqalishini oldini olish maqsadida profilaktik choralar koʻrilmoqda. Belgilangan tartib asosida karantin chora-tadbirlari ham qaytadan kuchaytirildi.

Ammo baʼzi fuqarolarimizning beparvoligi, belgilangan karantin qoidalariga toʻliq rioya qilmasligi, sababli va sababsiz u shahardan bu shaharga, u hududdan bu hududga oʻtishlari natijasida koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyat yana-da murakkablashib, kasallikka chalinganlar soni koʻpaymoqda.

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, karantin joriy etilgandan buyon 21 ming nafardan ortiq fuqaro, shundan 1 ming 300 nafari shifoxonalarda, 2 ming 135 nafari maxsus muassasalarda, 3 ming 388 nafari uy kuzatuvida boʻlgan.

Kuzatuvga olinganlarning 18 ming 860 nafari, yaʼni shifoxona kuzatuvida boʻlgan 1 ming 158 nafar fuqaro, maxsus muassasalarda kuzatuvda boʻlgan 1 ming 965 nafar fuqaro, uy kuzatuvida boʻlgan fuqarolar kuzatuvdan chiqarildi.

Ayni vaqtda tibbiy kuzatuvda qolgan fuqarolar soni 2 ming 156 nafarni tashkil etib, ulardan 142 nafari shifoxonalarda,170 nafari maxsus muassasalarda va 381 nafar fuqaro uyda boʻlib turibdi.

– Karantin qoidalari yumshatildi, ammo u bekor qilingani yoʻq, – deydi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Gʻulomxon Primov. – Lekin shunga qaramay fuqarolarning shaharlar, tumanlar, viloyatlar va hatto, davlatlararo oʻtish holatlari borgan sari koʻpaymoqda. Shu sababdan ham Sirdaryo viloyati hududida 151 nafar fuqaroda “COVID-19” kasalligi belgilari aniqlandi. Ushbu kasallikka chalinganlarni hududlar kesimi boʻyicha aytganda – 9 nafari Tojikiston Respublikasining, 3 nafari Rossiya, 2 nafari Qirgʻiziston Respublikasining fuqarolari ekanligi aniqlandi. Respublikamiz viloyatlaridan kelib ushbu kasallik aniqlanganlar soni eng koʻpi Fargʻona viloyatidan boʻlib, ular 26 nafar tashkil etmoqda.

Shuningdek, Toshkent viloyatidan 14 nafar, Samarqanddan 13, Namangandan 10, Jizzaxdan 6, Buxorodan 3, Surxondaryodan 2 va Qashqadaryo viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 1 nafardan fuqarolarda “COVID-19” infeksiyasi mavjud ekanligi aniqlangan.

Sirdaryo viloyati aholisi orasida ham ushbu infeksiyani yuqtirib olganlar soni 60 nafarni tashkil etayotgani achinarli hol. Ulardan 35 nafari erkaklar boʻlsa, 25 nafarini ayollar tashkil etmoqda. Ushbu kasallanganlar tuman va shaharlar kesimida koʻrib chiqqanda, eng koʻp “COVID-19” infeksiyasi Tojikiston bilan chegaradosh Xovos tumanida qayd etilgan. Shuningdek, Guliston shahridan 13 nafar, Yangiyer shahri va Boyovut tumanidan 7 nafardan, Sayxunobod tumanidan 5 nafar, Sirdaryo tumanida 2 nafar hamda 1 nafar bemor Oqoltin tumanida qayd etilgan.

Ushbu kasallangan fuqarolarning 96 nafari yoki 63,5 foizi xorijiy davlatlardan kelgan, yuk tashuvchi haydovchilar boʻlsa, 55 nafari yoki 36,5 foizi yurtdoshlarimizdir.

Sirdaryo viloyati shifokorlari aholini karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishni, besabab koʻchaga chiqmaslikni, oʻzi va yaqinlarining sogʻligʻini asrashga chaqiradi.

1 767
A.QAYUMOV, OʻzA