O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 20:01 Chop etish versiyasi

Sogʻligʻimiz oʻz qoʻlimizda

Mamlakatimizda “Salomatlikni targʻib qilish kunlari” muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Aholining tibbiy bilimini yuksaltirish, oilalarda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, har bir insonning oʻzi va yaqinlari salomatligi uchun masʼulligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Salomatlikni targʻib qilish kunlari”tashkil etildi.

Aytish joizki, “kasallikni davolashdan koʻra uning oldini olgan afzal”, degan tamoyil keyingi yillarda tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Tashkil etilgan mazkur tadbir ham sogʻliqni saqlash sohasidaerishilayotgan yutuqlarni xalqimizga keng targʻib etish barobarida, zamonaviy tibbiy imkoniyatlardan odamlarning bahramandligini oshirishda muhim qadam boʻlmoqda. Ushbu tibbiy-ijtimoiy aksiya poytaxtimiz va viloyatlardagi madaniyat va istirohat bogʻlarida muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Madaniyat maskanlariga hordiq chiqarish va sayr qilish maqsadida tashrif buyurgan odamlar bogʻlarda tashkil etilgan tibbiyot pavilonlariga taklif etilib, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikka jalb etildi.

Hamyurtlarimiz salomatligini koʻrikdan oʻtkazish uchun poytaxtimizdagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va viloyatlardagi yetakchi tibbiyot muassasalariningmutaxassislari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari olimlari, malakali shifokorlar jalb etilgani xalqimiz uchun yana bir qulaylikdir. Xususan, aholi xirurgiya, nevrologiya, urologiya, kardiologiya, travmatologiya, pediatriya, akusher-ginekologiya, oftalmologiya kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan olimlar va yetuk mutaxassislar koʻrigidan oʻtish imkoniga ega boʻldi. Tibbiy koʻrikni xalqaro andozalar boʻyicha tashkil etish uchun pavilonlar UTT, EKG kabi zamonaviy uskuna va laboratoriya tahlil vositalari bilan jihozlangani eʼtiborga molik.

Shuningdek, olimlar va malakali shifokorlardan tuzilgan koʻchma brigadalar chekka hududlarda istiqomat qiluvchi keksalar, nogironlar holidan xabar olib, ular xonadonlariga tashrif buyurdi. Tibbiy koʻriklar natijasida statsionar davolanishga muhtoj deb topilganlarni tegishli tartibda tuman, shahar, viloyat va respublika tibbiyot muassasalarida sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan.

N.Usmonova, OʻzA