O‘zA O`zbek

13.08.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Sobiq “turist” mehmonxonasida yashovchilar nimadan norozi?

Sobiq “turist” mehmonxonasida yashovchilar nimadan norozi? Samarqand viloyati hokimining telegram messinjeriga Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi, 85 “b” uy 71-xonadonda yashovchi N.Egamberdiyevning qilgan murojaati Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Xabaringiz bor, Samarqand shahridagi sobiq “Turist” mehmonxonasi 2015 yildan qayta ta’mirlanib, aholiga yangi uy sifatida sotildi. Ariza muallifi mazkur ko‘pqavatli turar joydan xonadon sotib olgan. “13-qavatdan 66 kvadrat metrlik xonadonni (2 xonalik) 105 600 000 so‘mga bankdan kredit olib sotib oldim, deydi u murojaatida. Bizga berilgan va’dalar bajarilmadi. Yashayotganimizga 3 yil bo‘lsa-da, gaz va suv hisoblagichlar o‘rnatilmagan. Podyezd devorlari yorilib ketgan, eshik va deraza romlari sifati o‘ta past materiallardan yasalgan, yaqin orada to‘kilib tushsa, ajabmas. Turar joyning orqa tomonidan kirib chiqishga majburmiz, negaki binoning old kirish qismi noma’lum sabablarga ko‘ra, sotib yuborilgan. Mavjud kamchiliklar bo‘yicha qurilish tashkilotiga bir necha bor murojaat qildik. Ular har safar bizga qop-qop va’dalar berib, tuzatib berishini ta’kidlardi. Ko‘pqavatli binoning 13-qavatida yashayman. Liftimiz eski bo‘lgani uchun kunda 10 martagacha buzilib qolaveradi. Aslida biz ko‘chib kirayotganimizda yangi lift o‘rnatiladi, deyishgandi. Hozirgi liftimiz 30-40 yil ishlatilib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan (bino mehmonxona bo‘lgan paytida ishlatilgan lift, haligacha almashtirilmagan). Bolalar o‘yingohi umuman talabga javob bermaydi, nomigagina qurilgan. Kamchiliklari juda ko‘pligi uchun shirkat uyimizni qabul qilmayapti. Sirtdan qaraganda, bino juda chiroyli, mahobatli ko‘rinadi, ammo ichkarisi...” va hokazo.

Mazkur shikoyat xati Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutasaddilari tomonidan qurilish tashkiloti mas’ul xodimi va arizachi ishtirokida o‘rganib chiqildi.

Bino “Turist uyut servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan rekonstruksiya qilingan bo‘lib, haqiqatda qurilish ishlarida N.Egamberdiyev ta’kidlab ko‘rsatgan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qurilish tashkiloti rahbari Bahodir Eshmurodov mavjud kamchiliklarni zudlik bilan, avgust oyining birinchi o‘n kunligidan boshlab tashkilot mablag‘lari hisobidan bartaraf etishga kirishishini ma’lum qildi.

Nima ham derdik! Kamchiliklar to‘g‘rilangach, mavzuga yana qaytarmiz.

O‘zA
1 704