Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2018 11:24 Chop etish versiyasi

Sobiq o‘quvchilar maktabga kitoblar sovg‘a qildi

Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi 5-umumta’lim maktabini 1982 yilda bitirgan bir guruh o‘quvchilar maktab kutubxonasiga mingta kitob sovg‘a qildi.

Prezidentimizning 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi qarori aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotir.

– Biz 36 yil avval shu maktabni bitirgan edik, – deydi Samandar Hayitboyev. – Bizning hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda shu yerda olgan bilimlarimizning o‘rni beqiyos. Shu bois, biz bu muqaddas dargoh va ustozlar oldidagi qarzimizning bir qismini bo‘lsa-da, uzish maqsadida shu ishga qo‘l urdik. Sovg‘a qilingan kitoblar maktab o‘quvchilarining bilimi yanada ortishiga xizmat qiladi, deb ishonamiz.

Sovg‘a qilingan kitoblar o‘zbek va jahon mumtoz adabiyoti durdonalari, zamondosh ijodkorlarning asarlaridan iborat.

– Kutubxonamizga sovg‘a qilingan kitoblar orasida juda ko‘p qiziqarli asarlar bor ekan, – deydi 9-sinf o‘quvchisi Mahliyo Qurbonboyeva. – “Yosh kitobxon” klubimiz a’zolari har doim darsdan so‘ng o‘z vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun kitob mutolaa qiladi. Endilikda ularning safi yanada ortadi.

Tadbir doirasida kitob ko‘rgazmasi tashkil etilib, inson hayotida kitobning o‘rni, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari haqida so‘zlab berildi. A’lochi va tashkiliy ishlarda faol o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Shokirov, O‘zA
2 648