O‘zA O`zbek

06.08.2018 17:57 Chop etish versiyasi

So‘zanalar – muzey ekspozitsiyasining ko‘rki

So‘zanalar – muzey ekspozitsiyasining ko‘rki Kashtachilik xalqimizning azaliy hunari hisoblanadi. Ilgarilari har bir o‘zbek xonadonida tug‘ilgan qiz farzand kashta tikishni bilishi shart bo‘lgan. Shu sababli qizlarimiz bu hunarning siru asrorini obdon o‘rganib olib, so‘zana, kirpech, choyshab oynaxalta, choy xalta, zardevor, palak, bug‘joma, parda, belbog‘, takyapo‘sh (yostiq ustiga yopiladigan), do‘ppi, ko‘ylak, dastro‘mol, hamyon, joynamoz, sumka kabi buyumlarga did bilan kashtalar tikkan.

Bugungi kunda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi fondidan Samarqand, Surxondaryo, Buxoro, Nurota, Shahrisabz, Toshkent, Farg‘ona kashtachilik maktablariga doir namunalar o‘rin olgan. Ikki mingdan ortiq mazkur tarixiy kashtachilik san’ati asarlari muzey kolleksiyasi orasida milliyligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.

19.jpg

– Kashtachilikka oid ekspozitsiya muzeyimizning birinchi qavatidan joy olgan, – deydi muzey direktori Vasila Fayziyeva. – Ayniqsa, bir-biridan chiroyli so‘zanalar, do‘ppilar, kashtalar, oypalaklar muzeyga keluvchilarda katta qiziqish o‘yg‘otmoqda. So‘zanalar ekspozitsiyadan keng o‘rin olgani uchun qadimiy so‘zanalar haqida to‘xtalib o‘tsam. So‘zana – forscha so‘zani ham deyiladi va igna bilan tikilgan degan ma’noni beradi. So‘zana matoga kashta tikib tayyorlangan badiiy buyumdir. U xonani bezatish uchun devorga ilib qo‘yilgan bo‘lib, u satin, baxmal, shoyi va boshqa matolarga kashta tikib tayyorlangan. So‘zanada o‘simliksimon naqshlar, doirasimon gul tikilib atrofi guldor islimiy naqshlar bilan bezatilgan. So‘zana juda qadimdan rivojlangan, lekin uning XIX asrgacha bo‘lgan namunalari saqlanmagan. XIX asrga oid Samarqand, Buxoro, Nurota, Shahrisabz, Toshkent, Farg‘ona va boshqa joylardagi so‘zana turlaridan namunalar bizgacha yetib kelgan. 

Nasiba Ziyodullayeva, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA
2 031