O‘zA O`zbek

11.09.2018 13:10 Chop etish versiyasi

Soʻz – anjuman ishtirokchilariga

Soʻz – anjuman ishtirokchilariga
Turli xalqlar musiqasini bir sahnada jam qilgan anjuman

Shahrisabzda oʻtkazilgan Xalqaro maqom sanʼati anjumanini xorijlik xonandayu sozandalar, musiqashunos olimlar, sanʼat ixlosmandlari, jurnalistlar, sayyohlar katta qiziqish bilan kuzatdi. OʻzA muxbirlari anjuman ishtirokchilaridan ayrimlarining taassurotlarini yozib oldi.

Rajesh SHOH, hakam (Hindiston):

– Oʻzbekistonda birinchi marta boʻlishim. Albatta, taassurotlarim juda katta. Shahrisabz gʻoyat goʻzal shahar ekan. Unda men mana shu chiroyli manzaraga hamohang musiqiy muhitni koʻrdim. Anjumanda ishtirok etgan odam havoda ham maqom hidini tuyushi mumkin boʻlgan muhit yaratildi. Bizda ham raga musiqiy sanʼat turi bor, maqom yoʻnalishiga juda oʻxshab ketadi. Qizigʻi shundaki, ularning tarixi bir xil. Raganing vokal, cholgʻu sohasi ham maqomga juda oʻxshaydi.

Sohib POSHSHOZODA, hofiz (Ozarbayjon):

– Azaldan oʻzbek maqomi va ozarbayjon mugʻomi bir-birini boyitib kelgan. Bugun ham ikki sanʼat hamohang rivojlanmoqda. Bu anjuman turkiy xalqlar musiqasi jahonga keng yoyilishi va oʻzining munosib oʻrnini egallashida katta ahamiyatga ega.

Tantanada eʼtiborimni tortgan jihat oʻzbek cholgʻularining boshqa xalqlar sozlaridan tubdan farq qilishi boʻldi. Oʻzbek cholgʻularining yasalishi oʻta murakkab va takrorlanmas ekan. Shuning uchun ham undan taralayotgan kuy nafis va ohangdor. Dutor, nay, rubob dastgohlariga berilgan jimjimador naqshlar, milliyligingizni anglatuvchi kichik timsollar ham kishiga estetik zavq bagʻishlaydi.

Yusuf ALTUN, sozanda (Turkiya):

– Shahrisabzda shunday katta maqom festivali boʻlishini eshitganimizda bu shaharga qiziqishimiz yanada ortdi. Bizga yurtingizdan vakillar kelib, oʻzbek maqomlari haqida maʼlumot berishdi. Shundan keyin biz oʻzimizning maqomlarni koʻrsatish, oʻzbek maqomlarini oʻrganish, sanʼatkorlaringiz bilan doʻstlashish, tajriba almashish uchun Shahrisabzga keldik. Maqomlarimizda va cholgʻu asboblarimizda ham oʻxshashlik bor. Sizdagi Shashmaqom, yaʼni olti maqom bizda ham bor. Mana shunday xalqaro festivallar qancha koʻp boʻlsa, uni oʻrganish ham shuncha yaxshi boʻladi.

Yodgor BOZOROV, Qashqadaryo maqom ansambli badiiy rahbari:

– Shahrisabz dunyoga Amir Temur vatani va uning hukmronligida ilm-fan, madaniyat markaziga aylangani bilan mashhur. 2000 yilda Shahrisabz shahridagi Temur va temuriylar davridan saqlanib qolgan meʼmoriy yodgorliklar YUNЕSKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Xalqaro tanlovda maqom ijrochiligi boʻyicha faoliyat olib borayotgan taniqli hofizlar ishtirok etdi. Barcha ishtirokchilar katta taassurotlar bilan qaytmoqda. Bu kabi tadbirlar yoshlarni sanʼatni sevishga, milliy qadriyatlarni ulugʻlashga chorlaydi. Eng muhimi, yosh sanʼatkorlarning bilimini boyitish, jahon xalqlari sanʼati bilan tanishtirishda juda katta ahamiyatga ega.

Vlastmil NIKLAPPIL, sayyoh (Chexiya):

– Sayyohlarni tarixiy obidalar, dunyo madaniy merosi osori-atiqalari qiziqtiradi. Men Oʻzbekistonda avval ham boʻlganman. Bugun umuman boshqacha kun, omadimiz bor ekan. Shunday chiroyli bayramga toʻgʻri kelibmiz. Maqom anjumani munosabati bilan bu yerda tashkil etilgan stendlar, koʻrgazmali maketlar, koʻplab milliy madaniy meros namunalarini namoyish etayotgan odamlarni koʻrib hayratga tushdik. Tarixiy obidalardan tashqari, xalqingizning turmush tarzi, urf-odatlari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega boʻldik. Shunday boy madaniy merosga ega boʻlgan Oʻzbekistonga qiziqishim yanada ortdi.

Hamid DOVUD, “The Whirling Dervishes of Damascus” guruhi rahbari (Suriya):

– Maqom bilan arab mumtoz musiqa sanʼatining yaqinlik jihatlari koʻp. Ayniqsa, ohangi oʻxshab ketadi. Shu bois, men bu yerda oʻzbek maqomlaridan eshitayotib Damashqda tinglagan mumtoz qoʻshiqlarni esladim. Shunday nufuzli musobaqada ishtirok etganimizdan behad xursandmiz.

Ramin SOQIZODA, sozanda (Afgʻoniston):

– Oʻzbekistonday tinch, goʻzal yurtga bayramlar yarashadi. Soʻlim goʻshada boʻlib oʻtayotgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani meni ham toʻlqinlantirib yubordi, bu yurtga qiziqishim yanada ortdi, havasim keldi. Toshkentda koʻp boʻlganman, ammo Shahrisabzga birinchi bor kelishim. Kasbimiz ortidan dunyo koʻrayapmiz. Biz ham turkiy xalqlar maqom sanʼatining dunyoda keng quloch yoyishi uchun oʻz hissamizni qoʻshishimiz – bu baxt. Dunyoning nodir sanʼat namunasi boʻlmish maqomni oʻz holicha avlodlarga yetkazmogʻimiz kerak. Bunda esa mana shunday anjumanlarning oʻrni beqiyos.

– Dale MASKЕLL, Krad MЕDOGAN, sayyohlar (Avstraliya):

– Oʻzbekiston juda ajoyib mamlakat. Goʻzal va betakror shaharlaringiz koʻp ekan. Ayniqsa, Shahrisabzda oʻtgan maqom anjumanidan unutilmas taassurotlar oldik. Amir Temur vatani, Oqsaroy meʼmoriy obidasi haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldik. Sayyohlarning koʻpligini qarang, jahonda Oʻzbekiston bilan qiziquvchilar koʻpligining dalili bu. Kanberri shahridagi ilmiy-tadqiqot universitetida ishlaymiz. Oʻz taassurotlarimiz haqida hamkasblarimiz va yurtdoshlarimizga soʻzlab beramiz.

OʻzA muxbirlari
Oʻlmas BAROTOV,
Dilobar MAMATOVA
yozib oldi.

1 758