O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Soʻxlik tadbirkor “Chumoqcha”da majmua qurmoqda

Soʻxlik tadbirkor “Chumoqcha”da majmua qurmoqda

Fargʻona viloyati Soʻx tumanida bugungi kunda 27 ta mahalla fuqarolar yigʻini bor. Ayni kunlarda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ishchi–xizmatchilar uchun munosib sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, “Chumoqcha” mahalla fuqarolar yigʻini zamonaviy binoga koʻchib oʻtdi. Bu yerda mahalla faollari, uchastka profilaktika noziri ish faoliyati uchun kerakli boʻlgan sharoitlar yaratib berildi.

— Shu kunga qadar moslashgan, taʼmirlab bitta xonada bir amallab ishlab kelganmiz, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Hamro Mirboyev. – Endi qulay sharoitlarga ega boʻlgan binoga koʻchib oʻtdik. Bu yerda davlat-xususiy sherikchilik asosida hozirga qadar 600 million soʻmlikdan ortiq bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Mahalla hududida amalga oshirilayotgan qurilish obodonchilik ishlari mahalla koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda. Tadbirkor Dadaxon Akbarov tashabbusi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida umumiy qiymati 4 milliard soʻmlikdan ziyod boʻlgan loyiha amalga oshirilmoqda. Bu yerda qurilish, obodonchilik ishlari amalga oshirilib, toʻyxona, oshxona, choyxona, sartaroshxona, poyabzal taʼmirlash ustaxonasi singari aholi kundalik ehtiyoji uchun zarur boʻlgan maishiy xizmat koʻrsatish tarmoqlari tashkil etilmoqda. Soʻxlik tadbirkor viloyatda birinchilardan boʻlib boshlangan mahalla obodligi yoʻlidagi xayrli ishga hissa qoʻshayotganidan mamnun.

– 2020-2021-yillarda Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga koʻra, tumandagi “Soʻx” va “Chumoqcha” mahalla fuqarolar yigʻinlari zamonaviy binolarga koʻchib oʻtdi, – deydi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash Soʻx tumani boʻlimi boshligʻi Fazliddin Dodakarimov. – Shuningdek, “Sarikanda” “Chashma”, “Lemburg”, “Gʻaznov” mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun yangi bino qurish, 5 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari binolarini taʼmirlash, 27 ta mahalla fuqarolar yigʻinlariga kompyuter jamlanmalari va mebel jihozlari yetkazib berish bilan bogʻliq ishlar amalga oshirilmoqda.

1 230
M.Sulaymonov, OʻzA