O‘zA O`zbek

13.08.2018 17:32 Chop etish versiyasi

So‘xda bayram shukuhi

Prezidentimizning joriy yil 28 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Farg‘ona viloyatida ham eng ulug‘, eng aziz ayyomni munosib kutish olishga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan turli tadbirlar eng chekka hududlarda ham tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari samarasida Farg‘ona o‘ziga xos bog‘ va xiyobonlari, zamonaviy turar joy dahalari, keng va ravon yo‘llari, yangi savdo majmualari, mahobatli ta’lim va tibbiyot muassasalari, madaniyat, ma’rifat va sport maskanlari bilan orzudagi shaharga aylanmoqda.f

Chorak asr avval ham qishloq deganda ko‘z o‘ngimizda guvaladan ko‘tarilgan pana-pastqam uylar, chang, toshloq ko‘chalar gavdalanar edi. Istiqlol yillarida qishloq va qishloq aholisiga munosabat o‘zgardi. Qishloqda barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ravon yo‘l va ko‘chalar ilgarigi tasavvurlarni butkul o‘zgartirib yubordi. Xususan, bugun So‘x tumanida bo‘lgan kishi bu yerdagi obodlik, o‘zgarish va yangilanishlardan faxrlanadi.

So‘x tumani viloyat markazidan 110 kilometr uzoqlikda joylashgan anklav hudud hisoblanadi. Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati bilan chegaradosh tumanning 27 mahalla fuqarolar yig‘inida 80 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda.

Mustaqillik yillarida tumanda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Chashmadan Hushyorgacha, Ravondan Tulgacha, Sharqoboddan Malbutgacha bo‘lgan barcha qishloqlar qiyofasi zamonaviy tus oldi. Ayni paytda “Ravon” va “Qala” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod kishloq” dasturi asosida bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Ulkan yangilanishlar mustaqilligimizning yigirma yettinchi yilida ham tuman hayotida o‘z aksini topmoqda. Qishloq infratuzilmasi shakllandi. Namunaviy loyiha asosida qad rostlagan uy-joy majmualari qishloqqa zamonaviy me’morchilik andozalarini olib kirdi. Muhimi, islohotlar oddiy odamlarning ongu tafakkurini o‘zgartirib, ular qalbiga singib borayotir. Ayni shu jihat g‘oyat muhim. Negaki,avvalo, odamlar dunyoqarashida, fikrlash tarzida o‘zgarish yuz bermasa, boshlangan har qanday ulug‘vor ish yetarlicha natija berishi dargumon.

Ayni kunlarda tumandagi amfiteatr tubdan qayta ta’mirlanmoqda. Tuman markazida namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qad rostlamoqda.

– Bugun So‘xga kelgan kishi bu yerda ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani guvohi bo‘ladi, – deydi Ravon qishlog‘idan mehnat faxriysi Subhiddin Sharofiddinov. – Yangi mahalla guzarlari barpo etildi. Ta’lim muassasalari to‘liq qayta rekonstruksiya qilindi. Tumanimiz aholisi ham o‘zining mehnatsevarligi, yaratuvchanligi bilan ko‘plab yutuqlarga erishmoqda. Hatto ba’zi sohalarda o‘rnak bo‘la oladi. Shu sabab bo‘lsa kerak, deyarli barcha xonadonlarda zamonaviy avtomobil bor. Bu ham xalqimizning tinch, farovon hayotidan dalolatdir.

Mustaqillik bayrami arafasida tumanda mahallalar soni yana bittaga ko‘paydi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida Rishton tumanidagi Cho‘ng‘ara qishlog‘ini So‘x tumani tarkibiga qo‘shish haqida qaror qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatigatashrifi chog‘ida mazkur qishloqning Rishton markazidan uzoq, So‘x tumani markaziga esa yaqinligi, suv yo‘llari birligi, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-infratuzilma obyektlari bilan ta’minlanishini hisobga olib, qishloqni So‘x tumani tarkibigakiritish yuzasidan tavsiya berilgan edi.

Ayni kunlarda “Cho‘ng‘ara” mahalla fuqarolar yig‘inida 1 ming 300 dan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Rishton – So‘x oralig‘idagi bojxona-chegara posti yopiqligi tufayli tuman markazidan Cho‘ng‘ara qishlog‘iga borib kelish mushkul bo‘lib, buning uchun salkam 200 kilometr aylanma yo‘lni bosib o‘tish talab etilardi. Ya’ni Vodil bojxona-chegara punkti orqali yana 40 kilometr Qirg‘iziston hududini kesib o‘tish lozim edi. Bu esa Cho‘ng‘ara qishlog‘ini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Endi esa So‘x tumani markazidan Cho‘ng‘araga yoki ushbu qishloqdan tuman markaziga 15 daqiqada yetib olish mumkin.

Qishloqni har tomonlama rivojlantirish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan alohida dastur ishlab chiqildi. Bu yerda ko‘plab ijtimoiy obyektlar barpo etiladi, yangi loyihalar amalga oshiriladi, ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi.

Hududda o‘zbegu qirg‘iz azaldan tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelmoqda. Ko‘zu qoshdek bir-biriga o‘xshaydigan, yonma-yon joylashgan qishloqlarning birida o‘zbeklar yashasa, ikkinchisida qirg‘izlar istiqomat qiladi. Ayrimlarida esa Cho‘ng‘aradagi kabi o‘zbegu qirg‘iz bir oiladek hayot kechiradi. Tili, lahjasi ham bir-biriga o‘tib, qaysi biri o‘zbegu qaysinisi qirg‘iz ekanini ajratish qiyin. Bu yerda yetishtiriladigan devzira guruchning dong‘i yetti iqlimga mashhur.

– Qishlog‘imiz aholisi davlatimizning e’tibori va g‘amxo‘rligini doim his etib turadi, – deydi “Cho‘ng‘ara” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hakimjon Salohiddinov. – Ayni kunlarda mustaqilligimizning 27 yillik tantanasini munosib kutib olishga katta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Shoir va yozuvchilar, taniqli san’atkorlar bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Muxtasar aytganda, tumanda bayram tadorigi avjida. Qaysi bir korxona, tashkilot, muassasa yoki fermer xo‘jaligiga bormang, qizg‘in mehnat ustidan chiqasiz. Tuman ahli eng ulug‘, eng aziz bayramimizni mehnatda katta muvaffaqiyatlar bilan, ko‘ngli bir olam ezgu orzu-niyatlarga limmo-lim holda, ko‘tarinki kayfiyatda, tinch va osoyishta kutib olmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 811