O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

Soʻx tumani urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashadi

Soʻx tumani urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashadi

Yaxshi xabarning qanoti bor, deyishadi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 8-avgust kuni qabul qilingan “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini eshitib, tumanimiz ahli behad mamnun boʻlmoqda.

Unda tumanda qishloq xoʻjaligini yana-da rivojlantirish, sohada foydalanilmayotgan va foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni oʻzlashtirish kabi masalalarga eʼtibor qaratilgani xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Soʻxliklar azaldan mirishkor dehqonlar sifatida tanilgan. Yerlarimiz tosh-shagʻalli, dehqonchilik qilishga biroz noqulay boʻlsa-da, yer bilan tillashishning hadisini bilamiz. Azaldan qandu shakar, mazali va toʻyimli meva-sabzavot, polizchilik mahsulotlari oʻzimizdan ortib, xorijiy davlatlarga eksport qilingan. Biroq keyingi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasini zamon talablari asosida rivojlantirishga, shu jumladan, urugʻchilikni va yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlashga eʼtiborning susaygani, qolaversa, tumanning anklav hududda joylashgani ichki va tashqi bozorlarni tuman dehqonchiligi mahsulotlari bilan toʻldirish imkoniyatini maʼlum maʼnoda oqsatib qoʻydi.

Soʻxning tabiati, iqlim sharoiti sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va ularning yangi navlari urugʻlarini yetishtirishga juda qulay, bu yerda avvallari ilgʻor tajriba maktabi yaratilgan edi. Kartoshka, qand lavlagisi, piyoz, sabzi kabi sabzavot va poliz ekinlarining urugʻlari respublikamizning barcha viloyatlariga, Markaziy Osiyo va MDH davlatlariga eksport qilingan. Ayniqsa, Soʻx kartoshkasiga talab yuqori boʻlgan. Afsuski, keyinchalik mirishkor dehqonlar tajribasi oʻrganilmay qoldi, serhosil, mahalliy sharoitga mos navlar yaratish boʻyicha ilmiy-amaliy hamkorlik yoʻqolib ketdi, natijada hozirda fermer va dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari eski urugʻlardan foydalanmoqda yoki valyuta hisobiga xorijdan urugʻ olib kelishga majbur boʻlyapti.

Prezidentimizning qarori asosida tasdiqlangan manzilli dasturda Soʻxda kartoshka urugʻchiligini tiklash, tumanni urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirishga eʼtibor qaratilgani muhim ahamiyatga ega. Chunki bu borada innovatsiya, ilmiy ishlanmalar deyarli yoʻq edi, shunchaki hayotiy tajribalar asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilayotgan edi. Vaholanki, tumanda ham, viloyatda ham tajribali dehqonlar, soha mutaxassislari yetarli, Fargʻona davlat universitetida qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan yoʻnalishlar mavjud, ilmiy salohiyati yuqori professor-oʻqituvchilar kam emas. Kartoshkachilik sohasida bu yerda zamonaviy mezonlar asosida maktabning shakllanishiga asos solindi, desak yanglishmaymiz.

Tumanimizning betakror tabiatida yetishtirilayotgan mevalarning taʼrifi juda mashhur. “Hushyor” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi yangi oʻzlashtiriladigan yerlarda 50 gektar yer maydonda bodomzor, pistazor va yongʻoqzorlar tashkil qilish, Soʻx daryosi himoya zonasidagi yer maydonlarida sholichilikka ixtisoslashgan qishloq xoʻjaligi kooperativini tashkil etish kabi ishlarning amalga oshishi hududning taraqqiy etishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadidan kelib chiqib, aholiga, xususan, yoshlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 20 sotixdan yer berilib, ularga 2 million 200 ming soʻmdan subsidiya ajratilayotgani kattayu-kichik tumandoshlarimizni behad shod etdi. 3 ta shirkat xoʻjaliklarida ish yuritishni oilaviy pudrat asosida tashkil etish hisobiga 5 mingdan ziyod oilaning bandligi taʼminlanadi. Tumanimiz aholisi uchun Fargʻona viloyatining Yozyovon, Qoʻshtepa, Bagʻdod, Rishton va Buvayda tumanlari hududida dehqonchilik qilish uchun ekin yer maydoni va ipoteka kreditlari asosida kvartiralar ajratilishi ham katta imkoniyatlarni yaratadi.

Bu yerda boshlangan hayotbaxsh islohotlarning koʻlami va miqyosi juda keng. Demak, yaqin kelajakda tumanimiz Oʻzbekistonning har tomonlama obod va farovon goʻshasi sifatida butun dunyoga oʻz koʻrku tarovatini koʻz-koʻz etadi. Biz soʻxliklarga esa bunday bunyodkorliklar gʻurur va iftixor baxsh etmoqda.

Muhsin MAVLONBEKOV,
Fargʻona viloyati
Soʻx tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi.

1 941
OʻzA