O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Soʻx tumani taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda

Soʻx tumani taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda

Davlatimiz rahbarining joriy yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida amaliy ishlar boshlandi.

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi aʼzolari tumanda boʻlib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Soʻx tumanida keng qamrovli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari qizgʻin. Ayniqsa, aholini qiynayotgan muammolar – elektr energiyasi, tabiiy gaz taʼminotidagi kamchiliklar, aholi bandligi, ichimlik va sugʻorish suvi, yoʻl qurilishi va taʼmirlashga doir masalalar bosqichma-bosqich hal etilayotir.

Xususan, tumanda har bir qarich yer oltinga teng boʻlib, undan samarali foydalanish muhim vazifa sanaladi. Shu bois hududdagi boʻsh turgan, qishloq xoʻjaligida foydalanmaydigan yerlarni oʻzlashtirish, ushbu hududlarda sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish, bu orqali aholini ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan Qayroq massivida 1 ming 500 gektarga yaqin yer maydoni mavjud boʻlib, ushbu hududga Soʻx daryosidan obi hayot olib kelish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ishlarga davlatimiz tomonidan salkam 95 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Respublika ishchi guruhi ikki koʻtarmali nasos qurilishi bilan tanishib, jarayonni jadallashtirish borasida koʻrsatmalar berdi. Rejaga koʻra, nasos qurilishi ishlari 2021-yilning mart oyida, aniqrogʻi Navroʻz bayramiga yakunlanishi kerak.

“Sarikanda” mahalla fuqarolar yigʻinida oʻtgan ikki oy davomida yoʻllarni taʼmirlash ishlari olib borildi. Mahallaning Haydarobod guzaridagi barcha koʻchalar toʻliq beton qoplamasiga oʻtkazildi. Yoʻllarni qurilish-taʼmirlash ishlariga 105 nafar mutaxassis va 34 ta texnika va mashinalar jalb etildi.

- Qisqa muddat ichida chang va loy koʻchalarimiz oʻrnini yangi zamonaviy, beton qoplamali yoʻllar egalladi. Berilgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan mamnunmiz. Endilikda barcha mahalla ahli, butun tuman bir tanu bir jon boʻlib, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan tarixiy qarorni bajarilishida astoydil harakat qilamiz, — dedi mahallada yashovchi Ahrorjon Qurbonov Bosh vazir bilan uchrashuvda.

Islohotlar samarasi oʻlaroq, bugun Soʻxda odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzi ham oʻzgarmoqda. Ayniqsa, tumandagi elektr-energiyasi bilan bogʻliq boʻlgan muammo va kamchiliklar hal etilib, aholining roziligiga sabab boʻlmoqda.

Tumanda yana bitta elektr-energiyasi yetkazib beruvchi yangi podstansiya bugun foydalanishga topshirildi. Taqdimot marosimida qatnashgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan tuman miqyosida asrga tatigulik ishlar olib borilayotgani, birgina elektr-energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida ajratilgan milliardlab mablagʻlar haqida gapirib, hudud ahlini ushbu shodiyona bilan tabrikladi. Yangi podstansiyaning foydalanishga topshirilishi bilan qoʻshimcha 16 000 kVA quvvat yaratilib, 15 mingdan ziyod isteʼmolchilarning elektr-energiyasi taʼminoti yaxshilandi.

2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturiga tuman markazida Rovon shahar bosh rejasiga muvofiq har biri 30 xonadonli 7 ta 5 qavatli uy-joylar qurib, foydalanishga topshirilishi ham kiritilgan. Ishchi guruh aʼzolari yangi qurilayotgan koʻp qavatli xondonlarning loyihasi bilan tanishdi. Bu boradagi amaliy ishlarni yana-da jadallashtirish, belgilangan muddatdan avvalroq sifatli qurib, foydalanishga topshirish yuzasidan zaruriy koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegara hududidagi mavjud vaziyat, bu yerda tinchlik va barqarorlikni saqlash, doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan takliflar berildi.

1 583
M. Sulaymonov, OʻzA