O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Siyosiy partiyalar saylovga qanday hozirlik ko‘rmoqda?

Siyosiy partiyalar saylovga qanday hozirlik ko‘rmoqda?

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyat bo‘limida siyosiy partiyalar rahbarlari bilan joriy yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi saylovlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i, xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i S.Salomov “Yangi O‘zbekiston: Yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilishi e’lon qilingan bu yilgi muhim siyosiy jarayon avvalgilaridan tubdan farq qilishini alohida ta’kidladi. Bo‘lajak saylovlarning yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida tashkil etilayotgani va bu jarayonda ilgarigidek to‘rtta partiya emas, balki beshta siyosiy kuch ishtirok etish istagini bildirgani ham uni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora o‘tkazishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Viloyatda muhim bu siyosiy jarayonni yuqori saviyada tashkil etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 11, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 409 saylov okrugi hamda 785 uchastka saylov komissiyasi faoliyat yuritadi. Deputatlik o‘rinlari uchun vohadagi beshta partiya o‘z nomzodlarini ilgari suradi. Partiyalar tomonidan bu borada tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlar va blogerlar nafaqat, bu yilgi saylovga tayyorgarlik jarayonlari hamda siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlariga aloqador savollar balki, ayni paytda xalqning davlat va mahalliy boshqaruv organlaridagi vakili bo‘lgan deputatlar faoliyati, ilgarigi saylovlarda siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlarida duch kelingan bir-biriga o‘xshash jihatlarga barham berish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani bilan ham qiziqdi. Faol deputatlarni rag‘batlantirish, nofaol xalq vakillariga tegishli chora ko‘rish yoki muddatidan ilgari chaqirib olish bilan bog‘liq holatlarga to‘xtalib o‘tishlarini so‘radi.

– Keyingi yillarda mahalliy kengashlar deputatlari mas’uliyati ortib, ularning maqomi oshdi, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.Ro‘ziev. – Shunga muvofiq joylardagi deputatlarimiz xalq ishonchini qozonish yo‘lida sezilarli ishlarni olib bormoqda. Shuningdek, nofaol deputatlarimiz bilan ham alohida ishlashni yo‘lga qo‘ydik. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, joriy yilda faoliyati talabga javob bermagan Qumqo‘rg‘on tumanidan mahalliy kengashga saylangan bir deputatimizni muddatidan ilgari chaqirib oldik. Bunday holatlardan xulosa qilib, bu yilgi saylovga ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan, chuqur bilim va tashkilotchilik qobiliyatiga ega nomzodlarni saralab olyapmiz. Hozir o‘tgan yillarda eng faol bo‘lgan deputatlarimizni aniqlab, rag‘batlantirish choralarini ko‘ryapmiz.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan anjuman ishtirokchilari siyosiy partiyalarning faqat saylovlar oldidan emas, doimiy izchil harakatda bo‘lishi, yangi-yangi g‘oyalarni ilgari surib, jamiyat hayotida faol bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalarni bildirdi.

2 509
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA