Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2018 14:03 Chop etish versiyasi

Siyosiy partiyalar nufuzi yanada oshirilishi mumkin

Siyosiy partiyalar nufuzi yanada oshirilishi mumkin
Parlament quyi palatasi deputatlari siyosiy partiyalarning vakillik organlaridagi partiya guruhlari vakolatlarini va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tuzatishlar kiritishni taklif etmoqdalar. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi va boshqa qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritilishi mumkin. Unga ko‘ra, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini yanada yuksaltirish va ularning tegishli rahbarlik lavozimlariga ilgari suriladigan kadrlar zahirasini shakllantirish maqsadida tegishli siyosiy partiyadan saylangan kamida besh nafarlik «marra» o‘rniga «uch» nafar deputat birlashgan taqdirda tuzilishi mumkinligi qoidasini mustahkamlash taklif etilmoqda. Bunday yechimni topish maqsadida «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasi to‘rtinchi qismida mahalliy kengashlarda siyosiy partiyadan saylangan kamida uch nafar deputat birlashgan taqdirda partiya guruhini tuzish imkoniyatini yaratish taklif etilmoqda. 

Shuningdek, partiya guruhlari huquqlarini yanada kengaytirish maqsadida hududlarni rivojlantirish dasturlarining loyihalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish huquqi ham kiritilmoqda. Bu esa, partiya guruhlari huquqlarini yanada kengaytirib, hududlarni rivojlantirish dasturlarida siyosiy partiyaning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqadigan vazifalar hamda partiya elektoratining manfaatlarini aks ettirishga sharoit yaratadi. Binobarin, bunday takliflar Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlarining huquqlarini kengaytirish va ularning nazorat sohasidagi vakolatlarini kuchaytirish bilan bir qatorda, siyosiy partiyalarning joylarda aholi o‘rtasida nufuzi, kolaversa, mas’uliyatini oshirishga ham xizmat qiladi. 

Ayni paytda qonun loyihasi quyi palatadagi partiya fraksiyalari hamda qo‘mitalarda muhokama qilinmoqda. 15-mart kuni yalpi majlisda ko‘rib chiqiladi.

Farhod Erkinov
3 333