Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 16:55 Chop etish versiyasi

Siyosiy hozirjavob ayollar

«O‘zbekiston XDPning eng faol ayoli» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida «Yoshlik» talabalar shaharchasidan Nodira Saydullayeva birinchi o‘rinni egalladi. Mirzo Ulug‘bek tumanidan Nargiza Ubaydullayeva ikkinchi, Bektemir tumani vakili Yulduz Mahmudazimova uchinchi o‘ringa loyiq topildi.

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiyaning Toshkent shahar kengashi hamda tuman kengashlari mas’ul xodimlari va faollari, madaniyat, san’at sohasi vakillari qatnashdi.

Partiya a’zolarining 48 foizi xotin-qizlardan iborat. Ular orasida fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari vakillari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Mazkur ko‘rik-tanlov mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari hamda o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tanlovning shahar bosqichida tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 12 xotin-qiz qatnashdi.

Ishtirokchilar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xotin-qizlar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratish, oilaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi. “Qonunlarimiz hayotimiz asosidir” deb nomlangan shartda qatnashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi. “Siyosiy hozirjavoblik” shartida siyosiy bilimi, notiqlik mahorati baholandi.

Nodira Saydullayeva ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarga diplom hamda sovg‘alar topshirildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
7 341