Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2018 14:17 Chop etish versiyasi

Sirtqi ta’lim uchun test sinovlari Qurbon hayiti munosabati bilan oldinroq o‘tkaziladi

Sirtqi ta’lim uchun test sinovlari Qurbon hayiti munosabati bilan oldinroq o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2018 yil 30 iyuldagi 4-son bayoni bilan oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga test sinovlari 2018 yil 20 avgustdan boshlab o‘tkazilishi belgilangan edi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, test sinovlari Qurbon hayitiga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida test sinovlari 17-20 avgust kunlariga ko‘chirildi.

2018-2019 o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga qabul kvotasi 14 ming 50 ta qilib belgilangan. Abituriyentlar tomonidan 135 ming 280 ta arizalar topshirilgan.

Test sinovlari adolatli va shaffof bo‘lishi uchun kuzatuv kameralari, shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari bilan jihozlangan 57 ta katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi.

Test sinovlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 17-18 avgust kunlari shu kunlarda test sinovi o‘tkazilayotgan binolarda, Toshkent shahrida 17-20 avgust kunlari o‘tkaziladi. Binolar manzillarini Davlat test markazi sayti orqali bilib olishingiz mumkin.

Eslatma: Guliston davlat universiteti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali va Toshkent davlat agrar universitetining sirtqi ta’lim shakliga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun test sinovlari Toshkent shahridagi binolarda bo‘lib o‘tadi.

O‘zA
2 840