O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda suvni bir kecha-kunduzda 3 marotaba emas, balki, tunu kun, uzluksiz uzatish darkor

Sirdaryoda suvni bir kecha-kunduzda 3 marotaba emas, balki, tunu kun, uzluksiz uzatish darkor

Sirdaryo viloyatidagi mahalliy va respublika ommaviy axborot vositalari xodimlari ham koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish hamda aholiga yana-da qulaylik yaratish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan odamlarni karantin vaqtida uyda qolishga chorlovchi “Biz siz uchun ishdamiz. Siz biz uchun uyda qoling!” fleshmobda faol ishtirok etmoqda.

– Shifokorlar qoʻlni yuvishda oqib turgan suvdan bir kunda 5-6-marta sovunlab yuvishni tavsiya etmoqda, – deydi “Xalq soʻzi” gazetasining Sirdaryo viloyati boʻyicha muxbiri Ahmadali Shernazarov. – Guliston shahri va deyarli Sirdaryo viloyatining barcha hududlarida toza ichimlik suvi bir kecha-kunduzda ertalab, tushda va kechqurun beriladi. Karantin davrida ishda boʻlgan kishi uchun esa bir kunda 10-12-martagacha qoʻlini sovunlab yuvish talab etilishi mumkin. Viloyatda toza ichimlik suvi vaqti-vaqti bilan uzatilishi bois, bu qoidaga amal qilish amri-mahol. Natijada turli idishlar yoki boshqa moslamalarning tutqichini ushlagan holda foydalanishga toʻgʻri kelyapti. Bu esa virusdan himoyalanish xavfini oshiradi. Qolaversa, toza obihayotga ehtiyoj ortgani bois idishlarga toʻldirib qoʻyilgan suv yetmay qolish ehtimoli ham yuqori boʻlmoqda.

Taklifim, ichimlik suvi taʼminotini amaldagi belgilangan – bir kecha kunduzda 3 marotaba emas, balki, tunu kun, uzluksiz uzatish tartibiga oʻtkazish kerak.

– Viloyatimizda ham Respublika teleradiokompaniyasining deyarli barcha kanallari, bosma va elektron nashrlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Xonadongacha yetkazish xizmatlari”ning reklama va eʼlonlari bizning viloyatimizda ham bepul tarqatish yoʻlga qoʻyilgan, – deydi “Guliston yangiliklari” – “Gulistanskiy novosti” gazetasi bosh muharriri Furqat Tashmatov. – Bu juda yaxshi va toʻgʻri albatta.

Karantin davrida bevosita ish faoliyatini davom ettirayotgan ishchi-xizmatchilarning barchasi ham tushlik paytida, choyxona, oshxona va umumiy ovqatlanish muassasalari faoliyati toʻxtatilganligi, jamoat transporti xizmati koʻrsatilmayotgani sababli koʻpchilikda ancha uzoqda boʻlgan uylariga borib-kelish imkoni yoʻq. Toʻgʻrisini aytish lozim, aynan shu xizmat bilan shugʻullanuvchi firma va muassasalarning taomlari harchand sifatli va xavfsiz boʻlmasin, narxi ancha baland. Lekin aynan shu xizmat orqali oilaviy biznes qilayotganlar ham yoʻq emas. Taomlari qanchalik lazzatli, sifatli va arzon boʻlmasin, ularning oshxonalaridagi sanitariya-gigena holati va uning shu xizmatni koʻrsatishi uchun tegishli idoralardan ruxsatnomasi ham borligiga ishonish qiyin.

Taklifim, ana shu oilaviy xizmat koʻrsatuvchilarni soliq, sanitariya va boshqa tegishli idoralar zudlik bilan roʻyxatdan oʻtkazib, sharoitini oʻrganib, belgilangan talablarga javob beradiganlarga hech qanday qoʻshimcha toʻlovlarsiz roʻyxatdan oʻtkazib, ruxsatnoma berishsa, koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishda muhum ahamiyat kasb etardi.

– Pandemiya davrida nafaqat shifokorlarimiz balki, faoliyati davom etishi lozim boʻlgan bir qator soha xodimlari ham oʻz ishlarini davom ettirishlari talab etiladi va jurnalistlar ham shular jumlasidandir, – deydi viloyat teleradiokompaniyasi raisi Zafar Darxonov. – Vaqtinchalik karantin paytida vatandoshlarimizning uydan chiqmasliklari uchun ularni faqatgina uyda oʻtirishga undashning oʻzi yetarli boʻlmaydi. Shu sababdan, jamoamiz xodimlari tomonidan tezkor xabarlar, koronavirus pandemiyasi taraqalishini oldini olish uchun nihoyatda zarur boʻlgan foydali tavsiyalar va mutaxassis maslahatlari, ijtimoiy roliklar, bolalar uchun maxsus koʻrsatuv va taʼlim-tarbiya hamda dam olish soatlari, konsert dasturlari, qiziqarli filmlar, radio-kitob va boshqa shu kabi koʻrsatuv va eshittirishlarni tayyorlab tele va radio efirga sifatli uzatish talab etiladi. Chunki bugungi tomoshabin, bugungi tinglovchi bundan 4-5 yil avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Shunchaki nomiga tayyorlangan koʻrsatuv, eshittirish bilan ularni uyda ushlab oʻtirib boʻlmaydi. Shu sababdan ham masʼuliyat va ishga ijodiy yondashuvni 4 karra oshirdik.

Biz Siz uchun ishdamiz, ijoddamiz! Siz biz uchun uyda qoling, iltimos!

1 785
A.QAYUMOV, OʻzA