O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda mikroavtobus haydovchilari bilan yuzaga kelgan muammo bartaraf etildi

Sirdaryoda mikroavtobus haydovchilari bilan yuzaga kelgan muammo bartaraf etildi

Uzoq vaqt davomida ekspluatatsiya jarayonida bo‘lgan transport vositalari yo‘l harakati xavfsizligiga qo‘shimcha tahdid soladi. Buning uchun avtobuslar parki o‘z vaqtida yangilanib borilishi juda muhimdir. Qolaversa, ularning atrof-muhitga yetkazayotgan salbiy ta’siri ham yil sayin ortib boraveradi. Shu bilan birga, ushbu kategoriyadagi transport vositalarining joriy va kapital ta’mirlash ishlariga haddan tashqari ko‘p mablag‘ talab etilishi sabab iqtisodiy nuqtai nazardan ularni saqlab turish foydali emasligini anglatadi.

Aynan xavfsizlik nuqtai nazaridan Yevropa davlatlarining aksariyatida avtobuslar har 10 yilda yangilanadi. Deyarli barcha mamlakatlarda esa aynan shu turdagi transport vositalaridan foydalanish muddatlariga nisbatan ma’lum cheklovlar joriy etilgan.

Mamlakatimizda ham yo‘l harakati barcha ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash, avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashishda yo‘l-transport hodisalariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 2019 yil 22 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda 2019 yil 1 sentabrdan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashishga litsenziya kartochkalari berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlanganligi belgilangan. 

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun mamlakatimizda foydalanish muddati 15 yildan oshgan 351 ta avtobus mavjud. Ayrim tadbirkorlar tomonidan mablag‘larni tejash maqsadida bu kabi transport vositalariga o‘z vaqtida lozim darajada texnik xizmat ko‘rsatilmasligi va ta’mirlash ishlarining olib borilmasligi kabi holatlar kuzatilayotgan edi. Aynan ushbu qaror bilan esa eskirgan va texnik holati belgilangan talablarga javob bermaydigan avtobuslar bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarilmoqda.

Mamlakatimiz avtobus parkini yangilash borasida olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq transport korxonalari tomonidan joriy yilning o‘zida 778 ta yangi avtobus sotib olingan. Bulardan 482 tasi o‘rta sig‘imli “ISUZU” avtobusi bo‘lsa, qolgan 296 tasi shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda qatnovlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan katta sig‘imli “YUTONG”, “GOLDEN DRAGON” va boshqa rusumdagi zamonaviy avtobuslardir.

Yuqoridagi qarorning qabul qilinishi ortidan ayrim transport uyushmalari va ularga a’zo haydovchilar o‘rtasida endi foydalanish muddati 15 yildan oshgan mikroavtobuslarga ham litsenziya berish to‘xtatiladi, degan noto‘g‘ri fikr yuzaga kelgan. Ana shunday holat Sirdaryo viloyatida kuzatildi.

Viloyat transport boshqarmasi rahbariyati tomonidan ushbu qaror mazmun-mohiyati transport uyushmalari rahbarlariga to‘liq tushuntirilmaganligi, qolaversa, litsenziya berish jarayonida ortiqcha sansolarlikka yo‘l qo‘yilishi mikroavtobus haydovchilarining haqli e’tirozlarini keltirib chiqardi. Ushbu holat yuzasidan Transport vazirligining avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti va yuridik boshqarmasi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida yo‘lovchi tashuvlari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan uyushma rahbarlari va haydovchilar bilan sayyor qabul o‘tkazdi. Qabul davomida ishtirokchilarga qarorning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Shuningdek, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxascislar tomonidan batafsil javob berildi. Haydovchilar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ular litsenziya varaqalari olish uchun o‘zi a’zo bo‘lgan uyushmalar orqali hududiy transport boshqarmasiga belgilangan tartibda ariza bilan murojaat etmagani oydinlashdi. Ishchi guruhi tomonidan barcha haydovchilarga litsenziya olish tartib qoidalari yana bir bor batafsil tushuntirib o‘tildi hamda viloyat transport boshqarmasiga barcha uyushma rahbarlariga bu kabi masalalarda haydovchilarning huquqiy savodxonligini oshirib borish va kelib tushgan arizalar bo‘yicha o‘z muddatida litsenziya varaqalarini taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Uchrashuv davomida Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi rahbari Oybek Erbekov haydovchilardan ularning ish faoliyati davomida yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidlab o‘tdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib maxsus ishchi guruh sayyor qabul davomida belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib yo‘lovchi tashuvlari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan uyushma rahbarlari va haydovchilar bilan yana bir bor uchrashuv o‘tkazdi.

Transport uyushmalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida ularga litsenziya varaqalari to‘liq ravishda berilganligi ma’lum bo‘ldi. Uchrashuvda uyushma rahbarlari va haydovchilarga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yo‘nalishlarga chiqayotgan har bir transport vositalarini muntazam ravishda texnik ko‘rikdan, haydovchilarni esa tibbiy ko‘rikdan qat’iy ravishda o‘tkazish, transport vositalarining sanitar holatlarini nazorat qilib borish zarurligi yana bir bor ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, uyushmalar avtoparkini o‘z vaqtida yangilash choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Chunki yangi transport vositalariga ega korxonalarning kelgusida o‘tkaziladigan tenderlarda g‘oliblikka erishish imkoniyati yuqori bo‘ladi.

Shu o‘rinda Transport vazirligi yuk va yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat olib borish uchun litsenziya varaqalarini qonunda belgilangan tartibda berish jarayoni qat’iy nazorat ostida ekanligini bildiradi. Mazkur masalada qandaydir tushunmovchilik yoki qonunbuzilish holatlari ro‘y bergan taqdirda 1167 qisqa raqamli ishonch telefonlari orqali murojaat etishingizni so‘rab qolamiz.

Transport vazirligi matbuot xazmati

496
O‘zA